Ijtimoiy tarmoqlarda bloger Fotima Jo`raeva kaltaklanganligi haqida xabarlar tarqaldi.
Aniqlanishicha, 22 noyabr kuni bloger Fatima Jo`raeva Ulug`nor tumani IIBga murojaat qilgan. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.
Ma`lum bo`lishicha, F.Jo`raeva o`z murojaatida tuman elektr tarmoqlari korxonasi bosh hisobchisidan o`zi huquqshunos sifatida ishlab kelayotgan fermer xo`jaligiga elektr energiyasidan qarzdorlikni sun`iy ravishda oshirilganligi bo`yicha tegishli hujjatlarni berishini talab qilganligini bildirgan.
Shunda korxona bosh hisobchisi unga qo`pol munosabatda bo`lib, uni haqorat qilib qo`li bilan uni yuziga urganligini va qo`l telefonini sindirib yuborganligini bayon qilib, aybdor korxona xodimlariga nisbatan qonuniy chora ko`rishlikni so`ragan.
Hozirda mazkur murojaat bo`yicha tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
F.Jo`raevaning olgan tan jarohatlarini og`irlik darajasini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.
Tekshiruv harakatlari Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingan.






