O`zbekiston shaxmat federasiyasi asoschilaridan biri, shaxmat jonkuyari, yoshlarning sevimli ustozi Irkabaev Ahmadjon 73 yoshida vafot etdi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi xabar berdi.
Ahmadjon Irkabaev 1948 yilning 1 avgustida Qo`qon shahrida tug`ilgan. Ma`lumoti oliy, Toshkent politexnika instituti, Moskva avtomobil yo`llari instituti hamda Rossiya Ichki ishlar vazirligi akademiyalarida tahsil olgan.
Mehnat faoliyatini O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida boshlab, keyinchalik Toshkent shahar davlat avtomobil inspeksiyasi va Ichki ishlar vazirligi davlat avtomobil nazorati inspeksiyasida mas`ul lavozimlarda ishlagan.
A.Irkabaev 1990-1996-yillarda O`zbekiston shaxmat federasiyasi prezidenti sifatida yurtimizda ushbu aql-idrok sporti rivojiga o`zining salmoqli hissasini qo`shgan.
U shaxmat bo`yicha uch karra faxriylar o`rtasida O`zbekiston chempioni hamda ko`plab yosh va iqtidorli shaxmatchilarning ustozi sanaladi.
Turizm va sport vazirligi jamoasi Ahmadjon Irkabaevning vafoti munosabati bilan marhumning oila a`zolariga chuqur hamdardlik bildiradi.
Marhumning janozasi bugun, 23 noyabr kuni peshin namozidan keyin poytaxtimizdagi “Minor” jom`e masjidida bo`lib o`tadi.






