AsosiyJamiyat

Koreya va Rossiya davlatlarida vaqtinchalik mehnat muhojirlariga qanday ish o`rinlari mavjud?

'Koreya va Rossiya davlatlarida vaqtinchalik mehnat muhojirlariga qanday ish o`rinlari mavjud?'ning rasmi

Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish bo`yicha fuqarolarimizdan kelayotgan aksariyat savollarga Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi Axborot xizmati rahbari Ortiqxo`ja NOROVdan javob oldik.

HOZIRGI VAQTDA KOREYa RESPUBLIKASIGA IShChI VIZASI BILAN KETISh MUMKINMI?

— Ma`lumki, 2020 yilning mart oyida butun dunyoda Covid-19 pandemiyasi boshlanishi oqibatida joriy etilgan qator cheklovlar sababli ishchi kuchi jo`natuvchi barcha davlatlar, shu jumladan O`zbekiston fuqarolarini Koreya Respublikasiga ishga jo`natish jarayoni to`xtatilgan edi. Koreya Respublikasi Bandlik va mehnat vazirligi rasmiy bayonotiga ko`ra, joriy yilning noyabr oyi oxirida ishchi kuchi jo`natuvchi barcha davlatlar, shu jumladan O`zbekistondan E-9 ishchi vizasi bilan mehnat migrantlarini qabul qilish jarayoni tiklanishi rejalashtirilgan. Buning uchun imtihon jarayonlarining barcha bosqichlaridan o`tgan, ish beruvchi tomonidan mehnat shartnomasi berilgan va Koreya Respublikasiga ishlash uchun ketishini kutib turgan fuqarolardan:

  • Koreya Respublikasida tan olingan, ya`ni Astrazeneca, Moderna, Pfizer vaksinalardan biri bilan Koreya Respublikasiga kirib borishdan kamida 14 kun oldin to`liq emlangan bo`lishi va tegishli sertifikatni taqdim etishi;
  • Koreya Respublikasiga kirib borishida dastlab bir hafta oldin va uchish vaqtidan oldin 72 soat ichida Koreya Respublikasining O`zbekiston Respublikasidagi elchixonasi tomonidan tan olingan, ya`ni Korea No 1 Laboratory, SWISS LAB, De Factum Laboratories, INTERMED Innovation laboratoriyalaridan birida PSR test topshirgan va test natijasi manfiy bo`lishi talab etiladi. Shuningdek, Koreya Respublikasiga kirib borgan mehnat migrantlari avvalgidek 14 kun emas, balki 10 kunlik karantin davrini o`tashi ham lozim bo`ladi. Ma`lumot o`rnida, Koreya Respublikasi Inson resurslarini rivojlantirish xizmati tomonidan ruxsat berilgan dastlabki, ya`ni avval Koreya Respublikasida ishlab, shartnoma bilan qaytgan 50 nafar yurtdoshimiz joriy yil 25 noyabr kuni jo`nab ketishi rejalashtirilgan.

 

BUGUNGI KUNDA ROSSIYaDA IShLASh BO`YIChA QANDAY IMKONIYaTLAR MAVJUD?

 — Ayni paytda qurilish sohasida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun 10 ming fuqaroni Rossiya Federasiyasiga soddalashtirilgan tartibda ishga jo`natish bo`yicha pilot loyihasi amalga oshirilmoqda. Demak, ushbu loyiha doirasida:

  • ishga tashkiliy tarzda yuborilayotgan fuqarolarga Rossiyada ishlash ruxsatnomasi, ya`ni patentni rasmiylashtirishda talab etiladigan hujjatlar, tibbiy ko`rik, barmoq izlarini olish Rossiya ish beruvchilari mablag`lari hisobidan O`zbekistonda amalga oshiriladi;
  • ishga nomzodlarni tibbiy ko`rikdan o`tkazish va bir komponentli “Sputnik Light” vaksinasi bilan emlash tadbirlari ham rossiyalik mutaxassislar tomonidan O`zbekistonda o`tkazilmoqda; 

Loyiha doirasida respublikamizning barcha hududlarida tanlovlar o`tkazish joriy yilning 15 oktyabridan boshlangan. Ish beruvchilar talabiga ko`ra, Rossiyada ishlash istagidagi 18 yoshdan 50 yoshgacha bo`lgan O`zbekiston fuqarosi rus tilida muloqot qila oladigan, qurilish yo`nalishida kasb-hunarga va xorijga chiqish pasportiga ega bo`lishi lozim. Shuningdek, talabgorlar ilgari Rossiyada bo`lgan bo`lsa unga nisbatan qonunchilik talablarini buzganligi uchun taqiq qo`yilmagan ham bo`lishi kerak. Ish beruvchilar tomonidan taklif etilayotgan ish haqi miqdori o`rtacha 40-60 ming rublni tashkil etmoqda. Ushbu jarayonlar, ya`ni O`zbekistonda fuqaroni tanlashdan boshlab, Rossiyada patent asosida ish boshlashgacha bo`lgan vaqt ko`pi bilan O`zbekistonda 18 kun, Rossiyada 7 kunda amalga oshiriladi. Ta`kidlash joiz, avvallari Rossiyada patent hujjatlarini rasmiylashtirishning o`ziga 25-30 kun vaqt talab etilgan. Ushbu tadbirlar esa Rossiyada ishlash istagida bo`lgan ko`plab yurtdoshlarimiz uchun qo`shimcha imkoniyatlar yaratib, fuqarolarning vaqti va xarajatlarini qisqartirishga xizmat qiladi.

                                               Mohinur RUSTAMOVA suhbatlashdi

    Boshqa yangiliklar