Bugungi kunda O`zbekiston Superligasida 14 ta jamoa ishtirok etib kelmoqda. Albatta, har bir jamoaning maqsadi va vazifalari turlicha. Ayrimlari imkoniyatlaridan kelib chiqib o`z oldiga maqsad qo`yadi. Bugun klublarimizning homiylik holatlariga e`tibor qaratamiz.
HOKIMLIK TASARRUFIDAGI JAMOALAR
Toshkentning “Paxtakor”jamoasi yana muddatidan oldin O`zbekiston chempionatining oltin medallariga ega chiqdi. “Xalq” jamoasi nomini olgan “sherlar”ga bugungi kunda Toshkent shahar hokimligi e`tibor qaratmoqda. Jahongir Artiqxo`jaev yaqinda klubga barcha sharoitlarni yaratib berishini ma`lum qilgandi. Boz ustiga, shahar hokimining tashabbusi bilan “Paxtakor” murabbiy va futbolchilarining maoshlari matbuotda ochiqlandi.
Namanganning “Navbahor”jamoasi ham viloyat hokimligi homiyligidagi jamoa hisoblanadi. Ilgari Xayrullo Bozorovning shaxsan o`zi “lochinlar”ni moliyalashtirib kelayotgandi. Bozorov Farg`ona viloyati hokimiga aylangan bo`lsa-da, undan qolgan estafeta tayoqchasini Shavkat Abdurazzoqov oldi hamda uning yo`lini davom ettirmoqda. Namangan viloyati hokimligi “Navbahor”ning asosiy homiysi hisoblanadi. Aytish kerakki, klubning yillik byudjeti katta.
NEFTGAZ QARAMOG`IDAGI JAMOALAR
UzTransGaz tashkiloti 9 yil davomida “Bunyodkor”ning asosiy homiysi bo`lib kelgan. 2020 yildan boshlab esa Uzbekneftegaz “qaldirg`ochlar”ning homiyligini o`z qo`liga oldi. Albatta, bu tashkilot klubni homiyligiga olganidan so`ng byudjet masalasida ancha qisqartirishlar yuzaga keldi. “Bunyodkor”da marketing yaxshi yo`lga qo`yilgan bo`lib, davlat tomonidan ajratilayotgan mablag`lardan tashqari, o`zini o`zi moliyalashtirishga katta e`tibor qaratadi. Turli kompaniyalarning reklamasi orqali jamoa moliyaviiy holatini yaxshilamoqda.
Xuddi shunday holatni “Nasaf” klubida ham kuzatish mumkin. Qarshi klubini ham Uzbekneftegaz homiyligiga olgan. Biroq “Nasaf”da vaziyat kutilganidek yaxshi emas. Moliyaviy muammolar ushbu klubni anchadan buyon ta`qib qilib kelmoqda.
OLMALIQ KON METALLURGIYa KOMBINATI VA NAVOIY OLTIN ZAVODI HOMIYLIGIDAGI JAMOALAR
Bugungi kunda Olmaliq kon Metallurgiya kombinati AGMK klubining asosiy homiysi hisoblanadi. Ushbu tashkilot anchadan buyon jamoaga e`tibor qaratib keladi. Moliyaviy tomonlama juda baquvvat bo`lgan AGMK klubi Superliganing etakchi jamoalaridan biri hisoblanadi.
Navoiyning Oltin zavodi esa “Qizilqum”ning homiysi bo`lib, necha yildirki, tashkilot klubning moliyaviy holatiga javobgar. Ma`lum bo`lishicha, “Qizilqum”ning yillik smetasi 30 milliard so`mni tashkil qiladi.
TEMIRYO`LChILAR “LOKOMOTIV”I VA ELEKTR ENERGIYa TIZIMI JAVOBGAR BO`LGAN “SO`G`DIYoNA”
Toshkentning “Lokomotiv” klubiga O`zbekiston temiryo`llar tashkiloti homiy hisoblanadi. Bundan tashqari, Oriant Finance Bank ham “Loko”ning homiy tashkilotidir.
Jizzaxning “So`g`diyona” klubiga asosiy homiy bo`lgan O`zbekistonning eng yirik tashkilotlaridan biri “O`zbekenergo” AJ klub tizimidagi boshqa jamoalarga ham homiylik qiladi.
XUSUSIY KLUBLAR
Bugungi kunda “Andijon” hamda “Turon” jamoalari xususiy jamoalar hisoblanadi. Yaqinda viloyatning katta tadbirkorlaridan biri “Andijon”ning rahbariga aylandi va uni moliyalashtirib kelmoqda. Tadbirkor o`zining shaxsiy mablag`lari bilan klubni tez orada etakchilar qatoriga olib chiqishni maqsad qilganini bildirdi.
“Turon” esa qisqa vaqt ichida Superliga darajasiga ko`tarilgan kam sonli jamoa hisoblanadi. Klub to`liq xususiy bo`lib, bir nechta tadbirkorlarning qo`llab-quvvatlashlari bilan o`zini moliyalashtiradi.
Izzat Abduvahobov






