2021 yil 15 noyabr kuni Bryussel shahrida bo`lib turgan Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi O`zbekiston delegasiyasi Evropa Ittifoqining Xalqaro hamkorlik bo`yicha komissari Yutta Urpilainen bilan uchrashuv o`tkazdi.
Muloqot chog`ida Evropa tomoniga O`zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, respublikamiz zamonaviy tashqi siyosatining ustuvor yo`nalishlari va erishgan yutuqlari haqida batafsil ma`lumot berildi, deya xabar bermoqda vazirlik.
Ma`lumotga ko`ra, tomonlar O`zbekiston va Evropa Ittifoqi o`rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, jumladan, Evropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo`yicha strategiyasi doirasidagi aloqalarni muhokama qilishgan.
Ilgari qabul qilingan qo`shma tashabbus va dasturlarni amalga oshirish jarayoni, shuningdek, turli darajadagi va formatdagi bo`lajak uchrashuvlar jadvali ko`rib chiqilgan.
Delegasiyalar Afg`onistondagi vaziyat va xalqaro hamjamiyatning sa`y-harakatlari doirasida ushbu mamlakatga gumanitar yordam ko`rsatish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashishgan.






