AsosiyJamiyat

Bundan buyon investisiya dasturlari vazirlikda emas, balki mahalladan boshlab shakllanadi - Prezident

'Bundan buyon investisiya dasturlari vazirlikda emas, balki mahalladan boshlab shakllanadi - Prezident'ning rasmi

Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoev raisligida bo`lib o`tayotgan videoselektor yig`ilishda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma`lum qilmoqda.

Xabarda keltirilishicha, kelgusi yilda Davlat investisiya dasturi doirasida 18,5 trillion so`mlik loyihalar amalga oshiriladi.

"Bundan buyon investisiya dasturlarini hokimlarning o`zi “mahallabay” tamoyili asosida ishlab chiqadi. Ya`ni, dastur vazirlikda emas, balki mahalladan boshlab shakllanadi”, degan Shavkat Mirziyoev. 

Shu bilan birga, tarmoq va hududiy investisiya dasturlari doirasida 22 milliard dollarlik 9 mingta loyiha amalga oshirilishi va 305 mingta yangi ish o`rni yaratilishi belgilangan. Misol uchun, hududlardagi maxsus iqtisodiy zonalarning tashqi muhandislik infratuzilmasini rivojlantirish uchun keyingi yilda byudjetdan 2 trillion so`m mablag` yo`naltiriladi.

Yig`ilishda mahallalarni rivojlantirishga tashqi investisiya va moliyaviy resurslarni yo`naltirish masalasiga ham to`xtalib o`tilgan.

Davlat rahbarining ta`kidlashicha, kelgusi yilda xalqaro moliya tashkilotlari mablag`lari hisobiga 109 ta loyiha doirasida 2,2 milliard dollar mablag` o`zlashtirilib, 28 ming aholi bandligi ta`minlanadi. Endilikda xalqaro moliya tashkilotlaridan jalb qilinadigan mablag`larni ham mahallaga bog`lash tizimi joriy etiladi.

Yig`ilish davom etmoqda.

    Boshqa yangiliklar