— Eshitishimga qaraganda, tojik yoki o`zbek yigitlari boshqa millatga mansub qizga uylansa qonuniy nikohdan o`tishda albatta ota-onasining roziligi kerak bo`larkan. Shu to`g`rimi?
Savolga Toyloq tuman FHDYo bo`limi mudirasi Sitora Sadriddinzoda javob berdi.
— O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 13-moddasiga ko`ra, O`zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi. Ya`ni, inson, uning hayoti, erkinligi, sha`ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi. Shuningdek, Oila kodeksining 14-moddasiga binoan, nikoh tuzish ixtiyoriydir. Nikoh tuzish uchun bo`lajak er-xotin o`z roziligini erkin ifoda etish qobiliyatiga ega bo`lishi kerak. Nikoh tuzishga majbur qilish taqiqlanadi.
Yuqoridagilardan shuni xulosa qilish mumkinki, nikoh tuzishga maqsad qilgan fuqarolar ortiqcha tazyiqlarsiz, o`z xohish-irodasini erkin ifoda qilgan holda qonuniy nikohdan o`tishadi. Nikoh tuzilayotgan paytda fukarolarning millati turlicha bo`lganligi uchun boshqa uchinchi shaxslardan rozilik so`rash talab etilmaydi.






