AsosiyJamiyat

Quyi Chirchiqda 1 yoshli bolaning operasiyasi uchun 80 million so`m ajratildi

'Quyi Chirchiqda 1 yoshli bolaning operasiyasi uchun 80 million so`m ajratildi'ning rasmi

Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumani “Madaniyat” mahalla fuqarolar yig`inida yashovchi Malohat Egamberdieva “Temir daftar”da ro`yxatda turadi. Uning bir yarim yasharlik farzandi Sultonmurod bosh miyada paydo bo`lgan o`simta sabab xorijda jarrohlik amaliyotini o`tkazishiga to`g`ri kelgandi.

“Mahalla” xayriya jamoat fondi qoshida tashkil etilgan "Sahovat va ko`mak" jamg`armasi Toshkent viloyat bo`limi boshqaruvi hamda uning Quyi Chirchiq tuman bo`linmasi tomonidan mazkur jarrohlik amaliyoti uchun 80 million so`mlik moddiy yordam puli ajratildi. Ayni vaqtda kichkintoyni xorijga olib ketish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirilyapti.

Shuningdek, mazkur tumanning "Uchchinor" mahallasida yashaydigan, “Temir daftar”da ro`yxatda turuvchi fuqaro Odinaxon Nazarovaning 2012 yilda tug`ilgan qizi Farangizga shifokorlar tomonidan buyrak kassalligi tashxisi qo`yilgan edi. Qizchani tibbiy ko`rikdan o`tkazish va davolash uchun jamg`arma ko`magida 20 million so`m hajmida bir martalik moddiy yordam berildi.

Shu bilan birga, tumandagi “Temir daftar”da ro`yxatda turuvchi 25 nafar fuqaroga 2 million so`mdan bir martalik moddiy yordamlar berildi.

Yangiyo`l tumani "Obod" mahallasida yashovchi Oyjamol Xudoynazarovaning murojaatiga binoan tuman hokimligi va "Mahalla" hayriya jamoat fondi hududiy bo`linmasi tomonidan amaliy yordam ko`rsatildi. Mazkur fuqaro 3 nafar farzandi va 2-guruh nogironi bo`lgan turmush o`rtog`ining yolg`iz boquvchisi hisoblanadi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilaning hali qurilishi yakunlanmagan uyini tiklab olishi uchun kerakli bunyodkorlik ashyolari mas`ullar yordamida olib borib berildi.

O`tgan vaqt davomida fond tomonidan hududdagi 87 ta oilaga moddiy yordam ko`rsatildi. 22 nafar nogironligi bo`lgan shaxs, 40 nafar kam ta`minlangan oila farzandlari, tabiiy ofatdan jabr ko`rganlar shular jumlasidandir.

    Boshqa yangiliklar