O`zbekistonda 10 noyabrdan 10 dekabrga qadar «Inson huquqlari oyligi» deb e`lon qilindi. Bu haqda Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi xabar bermoqda.
Har yili 10 dekabr – Inson huquqlari kuni butun dunyoda keng nishonlanadi.
Chunki 1948 yil xuddi shu kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 217A(III)-rezolyusiyasiga muvofiq, Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi qabul qilingan.
1950 yil BMT tomonidan ushbu muhim sanani Inson huquqlari kuni sifatida nishonlash belgilangan.
Mazkur xalqaro-huquqiy hujjatning 1-moddasida: “Hamma odamlar o`z qadr-qimmati hamda huquqlarida erkin va teng bo`lib tug`iladi. Ularga aql va vijdon ato qilingan, binobarin bir-birlariga nisbatan birodarlik ruhida munosabatda bo`lishlari kerak”, deb e`lon qilingan.
Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasining 2-moddasida ta`kidlanganidek, “Har bir inson irqi, tana rangi, jinsi, tili, dini, siyosiy yoki boshqa e`tiqodlaridan, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mol-mulki, tabaqasi yoki boshqa holatidan qat`i nazar ushbu Deklarasiyada e`lon qilingan barcha huquq va barcha erkinlikka ega bo`lishi zarur”.
Deklarasiya insonlarning barchasiga birdek tegishli bo`lgan huquqlarni o`z ichiga olgan. Ushbu xalqaro-huquqiy hujjat shu kungacha dunyoning 500 dan ortiq tiliga tarjima qilingan.
Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi har bir insonning shaxsiy daxlsizligi, mulk, e`tiqod va so`z erkinligini, fuqarolik, davlat boshqaruvida qatnashish, saylash va saylanish, oila, mehnat va dam olish, ta`lim, tibbiy va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish, madaniyat va san`at asarlaridan bahra olish huquqlarini himoya qiladi.
Joriy yil 10 dekabr kuni Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi qabul qilinganiga 73 yil to`ladi.
Shu bilan birga, yaqinda Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashkil topganiga 25 yil to`ldi. Milliy markaz 1996 yil 31 oktyabrda tashkil topgan.
Ushbu sanalar munosabati bilan Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan joriy yil 10 noyabridan 10 dekabriga qadar «Inson huquqlari oyligi» deb e`lon qilindi.






