Ichki ishlar tizimidagi xodimlarning xizmat intizomi yuzasidan kengaytirilgan yig`ilish o`tkazildi.
Bu haqda IIV axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu yig`ilishda Ichki ishlar vaziri maslahatchisi general-polkovnik Zokirjon Almatov, Vazir o`rinbosari general-mayor Azizbek Ikramov va vazirlik mas`ul rahbarlari hamda viloyat IIBB rahbarlari va shaxsiy tarkibi ishtirok etgan.
Shuningdek, so`zga chiqqan Ichki ishlar vazirining o`rinbosari, kun tartibidagi masala – xodimlar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar, xizmat intizomi va qonunchilikning buzilishi, shuningdek, kelgusida xodimlar o`rtasida salbiy holatlarning oldini olish borasida to`xtalib, Respublika bo`yicha xodimlar bilan bog`liq bo`lgan salbiy holatlardan misollar keltirib xulosa qilishga chaqirdi.
Tizimda olib borilayotgan keng islohotlar va yaratib berilayotgan imkoniyatlarga qaramay, xodimlar orasida o`z xizmat faoliyatiga mas`uliyatsizlik bilan qarayotgan, jinoyat va huquqbuzarlik sodir etayotganlari ta`kidlab o`tgan.
"Jinoyat va huquqbuzarliklarga qarshi kurashib, odamlarni to`g`ri yo`lga soladigan, shaxsiy ibrat bo`ladigan ichki ishlar xodimi o`zi qonun-qoidani buzsa, buni qanday tushunish mumkin", -dedi general-mayor.
"Bunday mas`uliyatsizlik bilan ishlab bo`lmaydi. Hurmatli hamkasblar yana bir bor barchangizni qat`iy ogohlantiraman davlat rahbari, mehnatkash xalqimiz sizu bizga yuksak ishonch bildirgan. Bu ishonchli oqlash uchun qat`iy tartib-intizom bilan ishlashimiz shart va zarur. Ochiqlik va shaffoflik yo`lidan bormoqdamiz. Buni ham unutmasdan xizmat vazifamizni vijdonan ado etish bugungi kuning talabidir",– deydi Azizbek Ikramov.
Shuningdek, shahar-tuman IIB boshliqlari hamda o`rinbosarlari qat`iy ogohlantirib, kelgusida xizmat intizomi va xodimlariga javobgar shaxs sifatida ularga ham o`rnatilgan tartibda intizomiy chora ko`rilishini bildirgan.
Shuningdek, yiilishda Toshkent viloyati IIBB boshlig`i, polkovnik Tohir Aripov ham so`z chiqqan.
"Ta`kidlab o`tilgan xato-kamchiliklarni o`z vaqtida bartaraf etish bo`yicha aniq vazifalarni belgilab oldim. Kelgusida bu kabi holatlarning barchasi bartaraf etilib, Ichki ishlar organlari rivoji va ijobiy imijini shakllanishida Toshkent viloyati IIBB albatta ijobiy natijalar bilan barchaga namuna bo`lishiga ishonaman va va`da beraman",– dedi polkovnik Tohir Aripov.
Yig`ilish so`ngida xizmat faoliyatida xato va kamchiliklarga yo`l qo`ygan ayrim xodimlarga nisbatan turli xil intizomiy ta`sir choralari ko`rilgan.
Xususan, xizmatida kechirib bo`lmas xatoga yo`l qo`ygan 2 nafar (profilaktika inspektori) xodim shu erning o`zida ichki ishlar organlari safidan bo`shatilgan.






