U bilan avval sira suhbatlashmaganim bois san`atidan tashqari oddiy insoniy qiyofasini bilishga qiziqdim. Ammo bunga erishish oson bo`lmadi. Ma`murlari bilan davom etgan ikki kunlik «muzokara» va kelishilgan vaqtning ayrim sabablarga ko`ra surilaverishi deb, oxiri uchinchi kuni uchrashdik. Ochig`i, Jasurni tamoman boshqacha tasavvur qilgandim. Negaligini suhbatni o`qigach bilib olasiz.
- Suhbatimizni noodatiy savol bilan boshlamoqchiman. Jasur Umirovni juda sirli inson deyishadi. Kimgadir «ochilishingiz» qiyin ekan.
- Haqiqatan ham shunaqaman. Kimgadir ko`nglimni ochishim qiyin. Aniqrog`i «ochmayman». San`atkor bo`lamizmi yoki boshqa kasb egasimi, hammamizning o`zimizga ayon bo`lgan sirlarimiz bor. Menda ham shunday. Ammo sir sirligicha qolishi kerak. U fosh qilinsa, sirligi qolmaydi.
- Nega, bilib qolishlaridan qo`rqasizmi?
- Bu qo`rqish emas, shunchaki aytgim kelmaydi. Hamma bilan «yozilib» gaplashavermaysiz-u, ehtimol shuning uchun ham meni sirli deyishar.
- Tashqaridan qaraganda «borim shu, istasangiz yoqtiring, istamasangiz yo`q» degandeksiz.
- Odamlarning men haqimdagi gap-so`zlari, «dedi-dedi»lar, qandaydir ta`riflar, o`xshatishlarni «yopishtirish»lari ochig`i charchatdi. Charchadim, ulardan. Kim meni qanday ko`rishni istasa, shunday ko`radi. Axir har birimiz ko`rishni xohlagan narsamizni ko`ramiz. Aslida esa qanday bo`lsam, hamisha shunday ko`ringanman. Bugun esa aytar so`zim, meni qay holatda ko`rib tursangiz, shunga ishoning, mendan nima eshitayotgan bo`lsangiz shu haqiqat.
- To`g`risini aytsam keskinroq javobni kutgandim.
- Qaltis savollarga ko`nikib ketibman. Jahl qilmaydigan bo`ldim.
- Jimjit bo`lib qolsang, o`zing haqingda ko`proq eshitasan iborasiga amal qilayapsiz chog`i, ko`rinmay qoldingiz?
- Fursati kelganda, qilayotgan ishlaringizni chamalab ko`rarkansiz. Menda ham shunday bo`ldi. Ilgari ketma-ket qo`shiq yozaverardim, ko`proq xit qilishga harakat qilardim. O`shandagi beshta ashula uchun sarflanadigan kuchni bugun bittasiga qaratayapman. Nimaga? Yaxshi qo`shiq bo`lishi uchun. Bugun bitta musiqiy albom uchun yigirma-o`ttiztadan ortiq qo`shiq ishlashayapti. Ammo shular orasidan bittasi xit bo`layapti yoki yo`q. Hozir o`ylab ko`rsam, shoshilish kerak emas ekan. Kezi kelganida o`zim yaratgan qo`shiqlarimdan qoniqmasdim. Ana shunday holatlar takrorlanmasligi uchun ham shoshma-shosharliksiz, qo`shiq ishlayapman.
- Bugun hamma Jasur Umirovga «Vay-vay» deyapti, qo`shig`ingizni tinglab.
- Bundan juda xursandman. Rostini aytaman, «Vay-vay» qo`shig`im ommalashishini kutgandim. Baribir yangi qo`shiq ishlanganidan keyin har bir san`atkordan «shu ashulam xit bo`lsaydi» degan o`y o`tadi,. Ko`cha-kuyda «Vay-vay»ni eshitib qolsam, yoki muxlislar fikr bildirishsa, quvonayapman.
- Qo`shiqni so`zlari juda qiziq «To`yimga Ozodbek keladi»...
- «To`yim keng dalada bo`lar, ko`p ham erga uraverma» so`zlariga mos qilib, qaysidir san`atkor to`yga tashrif buyurishini aytish kerak edi. «To`yimga Ozodbek keladi» jumlasi esa juda mos tushdi. Ozod akani ham san`atkor, ham inson sifatida hurmat qilaman.
- Ko`rinib turibdi, klip uchun mehnat qilingan, ancha mablag` sarflangan. Bunday ishlarni xonandalik orqasidan eplash qiyin nazarimda. Homiyingiz kim?
- Men kecha san`atga kirib kelgan odam emasman. Agar istasangiz, eplaysiz. Homiyim yo`q. Qo`shiq yozish, klip suratga olish -hammasini o`zim uddalayapman.
- Kliplarda faqat o`zingiz rol ijro etasiz. Nega buni professional aktyorlarga ishonmaysiz?
- Birinchidan qo`shiq o`zimga atab yozilgani uchun, qolaversa, aktyorlikka qiziqaman. Kinoda suratga tushishni rad etganimga yarasha, o`zimni kliplarimda rol o`ynashim kerak-ku?
- Kinoga «kuchingiz» etmasligidan cho`chidingizmi?
- Yo`q, nega endi?! Aktyorlik borasidagi iqtidorimga ishonaman. Agar kinoda suratga tushsam, rolimni uddalay olishimga ham ko`zim etadi. Shunchaki vaqtimni qizg`onaman. Bilasiz, s`yomka ishlari uzoq davom etadi. Mana shu tarafdan rad etishimga to`g`ri keldi.
- Ahamiyat bersam, kliplaringizdagi qizlarning tashqi ko`rinishida o`xshashlik bor. Bu tasodifmi yoki didingiz tanlovi?
- Tasodif desam to`g`riroq bo`ladi. Atay bir-biriga o`xshash qizlar tanlanmaydi. «Vay-vay»dagi bosh rolni ijro etgan qizning qaysidir jihatlari, tashqi ko`rinishi «Jumagul»ga o`xshab qolgan. Bu o`zimga ham sezildi.
- «Jumagul» (Madina) bilan o`rtangizda muhabbat bo`lgan ekan?
- Bo`lmagan gap. Madina bilan faqat ish yuzasidan tanishmiz. Hech qanday munosabatlar bo`lmagan. Hatto hozir ko`rishib qolsak ham salom-alik qilmaymiz.
- Sabab?
- Mish-mishlarga sabab bo`lgandek, yaqin bo`lmaganmiz. Faqat ish yuzasidan tanishmiz, xolos.
- Ba`zilar «Jasur nima haqida kuylayotganini tushunadimi» deyishadi. Men shu savolga qo`shimcha qilaman, qo`shiqlaringizning so`zlari shu qadar rang-barangki, eslab qolish qiyin. O`zingiz adashib ketmaysizmi?
- Shu kungacha sira adashmaganman. Nima haqida kuylayotganimni tinglovchilarga etkazib berishga harakat qilaman. Lekin hamisha ham meni tushunishavermaydi. Hamma har xil qabul qiladi.
- Savolim ochiq qoldi, o`zingiz tushunasizmi qo`shiq so`zlarini?
- Rosti, tushunmaydigan so`zlarim ham bo`ladi. Mana bu joyini o`zgartirish kerakmasmi, desam, qo`shiqlarim ustida ishlaydigan shoirlar «durust, kuylayver» deyishadi. Xafa bo`lmasin, u ham bir nimani bilmasa gapirmas, deb ijro etaman.
- Qiziq ekansizu, hayotda ham birovni ko`ngliga qarab ish tutasizmi?
- Bilasizmi, ko`pincha, o`zgartiraylik degan qo`shiqlarim omadli chiqadi. Shu bois ham ijodiy hamkorlarimning so`zlariga quloq solaman. Bu bilan kimnidir ranjitmaslik uchun o`zimga yoqmasa ham kuylayveraman degani emas.
- So`nggi qo`shig`ingizda qizlarning ismidan foydalanmabsiz. Noyob ismlar tugab qoldimi?
- Ilgari qizlarning ismiga qo`shiq kuylaydi deyishardi, endi birorta ism qo`shilmagan qo`shiq aytsam, nega bunday qilding, deyapsiz. To`g`risi, tushunmayman. Ijodda har xillik bo`lgani yaxshi. Oxirgi paytlarda shunday bo`lib qoldiki, muxlisalar «mening ismimga qo`shiq ayting» deb holi-jonimga qo`yishmadi. Keyin fan-klubim yig`ilishida e`lon qildim, endi qizlar ismiga atab kuylamayman.
- Bu rasmiy e`lonmi?
- (kuladi) To`g`risini aytsam, vaqtinchalik holat. Ahir meni Jasur Umirov qilib tanitgan qo`shiqlarim shular-ku: «Jumagul», «Oysha», «Billura». Bu meni o`ziga xos «brend»im.
- Jasur nega aksariyat qo`shiqlaringiz to`ybop?
- To`y bo`lgani yaxshi-da.
- Bu javob emas.
- Shu yo`nalishdagi qo`shiqlarni yaxshi ko`raman. Xarakterimga yaqinlik bor.
- Qo`shiqda yurakdan his etilgan og`riq bo`lishi kerak. Sizda esa ko`proq alamzadalik borga o`xshaydi.
- O`zimga ham shunaqa tuyuladi. Qo`shig`im tayyor bo`lgach, eshitib ko`rib, sezaman, alamzadalikni.
- Qaerdan bu kayfiyat? Nega qo`shiqlaringizga ko`chadi?
- Hammani hayoti har xil. Kimdir sevgisiga etolmaydi, qaysidir san`atkorda kuyga solgan qo`shig`idagi dard bo`ladi. Buni tushuntirish qiyin.
- Ko`p e`tibor berganman ovozingizdan yuqori diapazonda kuylaysiz. Hatto ba`zi joylarida zo`rma-zo`raki aytilayotgani ham seziladi.
- Haqsiz. Harakat qilaman ovozni bir maromda ushlab turishga. Ba`zida xizmatlardan keyin ovozim zo`riqqani bilinadi, bezovtalik bo`ladi. Lekin yuqori diapazonni olmasam, muxlislarim meni boshqacha qabul qilishlari mumkin. Chunki ular meni baland ovozda kuylashimga o`rganishgan. Busiz «Jasur Umirov» bo`lolmayman.
- Gapimdan ranjimangu, lekin katta yoshlilar sizni yoqtirishmaydi. Ularning ham ko`ngligini olishga urinib ko`rmaysizmi?
- Shu yili katta yoshli auditoriya uchun qo`shiqlar tayyorlayapmiz. Nasib qilsa, noyabr oyida bo`ladigan konsert dasturida havola etamiz.
- Konsert dasturiga tayyorgarlik boshlanibdi-da?
- Ha, ishlar avjida.
- Sizga nisbatan bildirilgan fikrlarni inobatga olib, kuylash uslubingizni o`zgartirib ko`rdingiz «Atirgul» qo`shig`i bilan. Ammo bu aks ta`sir berdi – o`zingizga o`xshamadingiz.
- O`zim ham tan olaman — mahzun tarona menga yarashmadi. Muxlislarim mendan bunday qo`shiqni yo kutishmagandi yo quloqqa erish tuyuldimi, xullas, o`zimga o`xshamadim. Bo`lib turadi, shunaqasiyam. Lekin «Atirgul»ni tempida «Odamlarni to`ylarida» qo`shig`imni kuylangandim. Bunisi yaxshi qabul qilindi. Gohida unday, gohida bunday-da.
- Hayotda ham boshqalarning so`ziga kirib, o`zgartirishlar qilaverasizmi?
- Hech qachon bitta fikrga yopishib olib, shu to`g`ri demayman. Tanqidlarni ham to`g`ri qabul qilaman. Agar bu to`g`ri tanqid bo`lsa! Atrofimdagilarning so`zlarini inobatga olishga harakat qilaman.
- Agar bu fikrlar o`zingizga-o`zingiz qarshi chiqishingizga majbur qilsa-chi?
- Bordiyu o`zimga-o`zimga qarshi chiqishimga undaydiganlari bo`lsa e`tibor qilmayman, unutib yuboraman, umuman eshitmayman.
- Har intervyuda yaqinda uylanaman, deysiz. Va`da – va`daligicha qolib ketayapti.
- Nasib qilganda. Ma`qul keladigan qizni uchratmadim. Izlayapman.
- Taxminimcha, siz telbalarcha sevib qolishingiz mumkin, yoki yanglishdimmi?
- Adashmadingiz. Romantikman.
- Siz-a?
- Ha, telbalarcha sevib, qattiq rashk qilib, es-xushimdan ayrilishim hech gap emas. Agar bu chin muhabbat bo`lsa. Shunaqasi uchramayotgani uchun ham uylanish ortga surilayapti.
- Sizni «qizlarga suyagi yo`q» deyishardi.
- O`zimni shunday ko`rsataman. Aslida bunday emasman. Haqiqiy muhabbatga ishonaman, sog`inib kutayapman uni.
- O`zingizdan kimnidir yasashga nima hojat bor?
- Shu yo`l bilan atrofimdagi qizlarning fe`l-atvori, yurish-turishini bilib olaman. Qizlarning sizga munosabatini o`rganishning eng oson yo`li ham shu.
- Sirlarimni ochmayman degandingiz, suhbat avvalida, mana bittasini fosh qilayapsiz.
- Mayli, bilishsa bilaqolishsin.
- Sizni tavakkalchi desam xato qilmaymanmi?
- Yo`q. Tavakkalchiman.
- Yutish bilan birga yutqazish ham bor-ku.
- To`g`ri, har doim omadingiz kelavermaydi. Lekin tavakkal qilmasangiz bilmaysizda yutasizmi yoki yo`qmi?
- Yomg`ir sharros yog`ayotganida ust-boshingning ho`l bo`lishi muhim emas. Muhimi yoningda senga soyabon tutoladigan insonning borligidir. Sizning soyabon tutgan yaqiningiz...
- Ota-onam, akam, yaqinlarim. Shular mening qor-yomg`irdan pana qiladigan insonlarim. Oilam! Ammo oilaviy savollarni yoqtirmayman.
- Buni bilaman. Shuning uchun so`ramay turgandim.
- Hamma gapni gapiraversam, keyingi intervyu uchun mavzu qolmaydi. Kezi kelganida bu haqida ham suhbatlasharmiz.
- To`g`risini aytsam, sizdan boshqacha suhbatni kutgandim. O`ziga bino qo`ygan, savollarga qo`rslik bilan javob beradigan Jasurni ko`raman degandim.
- Suhbatimiz kayfiyatim yaxshi bo`lgan paytga to`g`ri kelib qoldi. Keyin hamma gapni to`g`ri qabul qilishni o`rgandim.
- Hamisha kayfiyatingiz a`lo bo`lsin. Ishlaringizga omad!
- Rahmat!
Dildora YuSUFBEKOVA suhbatlashdi