Suriya rasmiylari Bashar Asad davrida joriy etilgan AQSH sanksiyalarining bekor qilinishi evaziga Amerika kompaniyalariga mamlakatdagi tabiiy resurslarni o‘zlashtirish imkonini berishga tayyor. Bu haqda manbalarga tayanib, “The Times” nashri xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, AQSH Prezidenti Donald Tramp shu kunlarda bo‘ladigan Yaqin Sharq safarida Saudiya Arabistonida Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara bilan uchrashishi mumkin.
Manbalarning ta’kidlashicha, yangi Suriya yetakchisi Ibrohim shartnomasiga qo‘shilishi bo‘yicha muzokaralarni boshlashga ham tayyor. Mazkur diplomatik tashabbus orqali Isroil o‘z munosabatlarini BAA, Bahrayn, Marokash va Sudan kabi arab davlatlari bilan normallashtirgan. Bundan tashqari, ash-Shara Isroilning Suriya janubi-g‘arbiy chegarasida – Jo‘lon tepaliklari hududida doimiy harbiy mavjudligiga rozi bo‘lishga ham tayyor.
Suriyaning AQSH bilan strategik hamkorlik bitimi tuzmoqchi ekani, jumladan, tabiiy resurslarga kirishni ta’minlash bo‘yicha ma’lumotni “Reuters” ham tasdiqlagan. Amerikalik tadbirkor Jonatan Bass 30 aprel kuni Ahmad ash-Shara bilan uchrashganini aytib, muvaqqat prezident mamlakat kelajagi uchun bunday bitim zarur, deb hisoblashini ma’lum qilgan.
“U (ash-Shara) Damashqda Trump Tower qurilishi haqida gapirdi va qo‘shnilar bilan tinchlikka tayyorligini bildirdi”, degan Bass.
“Reuter” bilan suhbatlashgan va Trampning mintaqaviy tashrifi logistikasidan xabardor manbaning aytishicha, AQSH va Suriya vakillari o‘rtasida uchrashuv rejalashtirilgan, biroq Trampning ash-Shara bilan bevosita muzokara olib borishi hozircha tasdiqlanmagan. Boshqa bir manbaning aytishicha esa, bu kabi uchrashuv hali ham ehtimoldan xoli emas.