AsosiyJamiyat

Transportdan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi

'Transportdan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-prosessual kodekslariga hamda O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish mo`ljallanmoqda.

Muhokama uchun e`lon qilingan qonun loyihasiga ko`ra, O`zbekiston Respublikasining 1994 yil 22 sentyabrda qabul qilingan O`RQ–2012-XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O`zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga quyidagi o`zgartishlar va qo`shimcha kiritiladi:

223-modda (Qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O`zbekiston Respublikasiga kirish) birinchi qismining dispozisiyasi “shunday harakatlar uchun ma`muriy jazo qo`llanilganidan keyin sodir etilgan bo`lsa” degan so`zlar bilan to`ldiriladi;

266-modda (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) birinchi qismining (Transport vositasini boshqaruvchi shaxs tomonidan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish badanga o`rtacha og`ir yoki og`ir shikast etkazilishiga sabab bo`lsa):

dispozisiyasidagi “o`rtacha og`ir yoki” degan so`zlar chiqarib tashlanadi;

sanksiyasi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatdan to`rt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi”.

Ushbu modda birinchi qismi hozir quyidagicha ko`rinishga ega:

Transport vositasini boshqaruvchi shaxs tomonidan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish badanga o`rtacha og`ir yoki og`ir shikast etkazilishiga sabab bo`lsa - bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Boshqa yangiliklar