Yashnobodda tadbirkorlarni chuv tushirgan “Insofsiz tadbirkor”ga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atildi. Bu haqda darakchi.uz’ga Bosh prokuratura Matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov ma`lum qildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yashnobod tumani bo`limi tomonidan tadbirkorlik sub`ektlarining huquqiy himoyasini ta`minlash yuzasidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “R.” MChJ rahbari J.U. internet tarmog`idagi “OLX” e`lonlar platformasida zamonaviy setka (evro zabor) etkazib berish bo`yicha xizmat taklif qiladi.
Unga aloqaga chiqqan tadbirkorlarning ishonchiga kirib, o`zaro og`zaki kelishuv va shartnomalarni tuzadi. Aniqlanishicha, odamlarning jami 3 000 AQSh dollari va 51,8 mln. so`m pullarini firibgarlik yo`li bilan qo`lga kiritib, o`zining shaxsiy ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan “R.” MChJ rahbari J.U.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






