Bundan bir oz muddat avval aynan shu yo`nalishda ishlovchi haydovchi tomonidan yo`lovchilar oxirgi manzillariga etkazib qo`yilmagan holda avtobusdan tushirib yuborilgani aks etgan video tasvirlar turli ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan edi.
Toshkent shahar transport boshqarmasi ushbu holatga oydinlik kiritish maqsadida o`rganish ishlarini olib bordi. Mazkur vaziyatda avtobus haydovchisi E. Boymuhammedov yo`lovchilarni asossiz ravishda avtobusdan tushirib yuborganligi ma`lum bo`ldi.
Qolaversa, aynan ushbu yo`nalish haydovchilari orasida yo`nalish intizomi pasayib ketganligi, haydovchilar o`z xohishlari bilan turli bahonalar orqali yo`nalishda yurish yoki yurmasliklarini hal qilishlari oydinlashdi. Haydovchilar ustidan nazorat olib boruvchi avtosaf boshlig`i X.Mirxajiev o`z ish faoliyatida sustkashlikka yo`l qo`yayotgani bunday vaziyatning yuzaga kelishiga sabab bo`layotgani aniqlandi. Shuningdek, ushbu yo`nalishda ishlovchi avtobuslarga kundalik qatnovlarni to`liq bajarishlari uchun etarli miqdorda (kundalik me`yor sifatida) 80 m3 metan gazi berilsada, haydovchilar asossiz ravishda yoqilg`i etishmayotganligini bahona qilayotganligi aniqlandi.
Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib, yo`nalish ishini yaxshilash maqsadida avtosaf boshlig`i tomonidan kundalik nazorat ishlarining kuchaytirilishi, yo`nalishdagi intervallarni kamaytirish, avtobuslarning korxona belgilab bergan vaqtgacha yo`nalishda ishlashini ta`minlash bo`yicha ko`rsatmalar berildi. Belgilangan tartib qoidalarga amal qilmagan haydovchilarga nisbatan esa qat`iy choralar ko`rilishi ma`lum qilindi.
Haydovchi E.Boymuhammedov esa qattiq ogohlantirilib, intizomiy chora sifatida o`ziga biriktirilgan yangi avtobusdan eskisiga o`tkazildi.






