Kecha, Toshkentda giyohvand moddalar sotiladigan saytni reklama qiluvchi bannerlar aniqlangani haqida xabar bergan edik. Bugun Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati ushbu holat nazoratga olinganini ma`lum qildi:
«Toshkent shahar IIBB matbuot xizmatiga ko`plab nashrlarning jurnalistlari poytaxt ko`chalaridagi bannerlarda giyohvand moddalar va psixotrop vositalarning yashirin reklamasi ketayotgani to`g`risida murojaatlar kelib tushmoqda.
Sizga shuni ma`lum qilamizki, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati Jinoyat qidiruv bo`limining giyohvand moddalarga qarshi kurashish bo`limiga jurnalistlarning murojaatlari bo`yicha ma`lumotlarni taqdim etdi. Yashnobod tumaniga o`rnatilgan banner olib tashlangan. Ayni vaqtda bu turdagi bannerlarni o`rnatishga buyurtma bergan shaxslar va bannerlar reklama beruvchi tomonidan xatolik tufayli yoki ataylab o`rnatilgani aniqlanmoqda», — deyiladi xabarda.
IIBB matbuot xizmati qo`shimcha ma`lumotlar haqida keyinroq xabar berishini bildirgan.






