AsosiyJamiyat

Ichki ishlar organlari xodimlari Mudofaa vazirligining maxsus kurslarini tamomladi

'Ichki ishlar organlari xodimlari Mudofaa vazirligining maxsus kurslarini tamomladi'ning rasmi

Bugun, 21 noyabr kuni Shimoli-g`arbiy harbiy okrugiga qarashli Nukus garnizonidagi harbiy qismlardan birida Qoraqalpog`iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatini amalga oshiruvchi xodimlari tahsil olishi uchun tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan o`quv kurslarining 17-bitiruviga bag`ishlangan tantanali marosim bo`lib o`tdi. 

Tadbirda Shimoli-g`arbiy harbiy okrugi qo`shinlari qo`mondonining o`rinbosari polkovnik Odil Shoimov, Ichki ishlar vazirining o`rinbosari polkovnik Islom Ahmedov, Milliy gvardiya hududiy boshqarmasi xodimlari, harbiy xizmatchilar va o`quvchi yoshlar ishtirok etdi.

Ikki haftalik kurslarni tamomlagan IIV xodimlarining bitiruv marosimida so`zga chiqqanlar 2019 yilning 15 yanvar sanasidan tashkillashtirilgan o`quv kurslarini bugungi kunga qadar ming nafardan ziyod ichki ishlar organi xodimlari muvaffaqiyatli tamomlaganini ta`kidlashdi.

Aytish joizki, O`zbekiston Prezidentining 2018 yil noyabr oyida Nukus shahriga bo`lgan tashrifi davomida Mudofaa vazirligi tizimida yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, harbiy xizmatchilarni ma`naviy-ma`rifiy saviyasini oshirish, dunyoqarashini kengaytirish borasida amalga oshirilgan ishlarni va to`plangan tajribani keng ommalashtirish maqsadida ichki ishlar organlari xodimlarining ma`naviy-vatanparvarlik tarbiyasi samaradorligini yanada oshirish, jamoat tartibini saqlash va huquqbuzarliklar profilaktikasi borasidagi vazifalarni hal etish bo`yicha  qo`rsatma bergan edi. 

Mazkur yo`nalish bo`yicha Nukus garnizonidagi harbiy qismlarning birida Qoraqalpog`iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi xodimlarining tahsil olishi uchun tajriba tariqasida yaratilgan 15 kunlik ixtisoslashtirilgan o`quv kurslari o`z samarasini bermoqda.

Tadbir davomida kursning navbatdagi bitiruvchilariga tegishli sertifikat va faxriy yorliqlar topshirildi.

Shimoli-g`arbiy harbiy okrugi matbuot xizmati

 

    Boshqa yangiliklar