O`zbekiston Hindistonda bo`lib o`tgan “India’s Best Awards – 2019” turizm tadbirining “Madaniy-tarixiy meros bo`yicha eng yaxshi turistik yo`nalish” nominasiyasida g`olib bo`ldi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi xabar qildi.
Tadbir “Travel+Leisure” etakchi xalqaro turistik jurnalining Hindistondagi vakolatxonasi tomonidan o`tkazildi.
Mukofotlar xorijiy davlatlar hamda Hindiston shtatlari bo`yicha 50 nominasiya bo`yicha topshirildi. “Eng yaxshi oilaviy sayohat”, “Asal oyi uchun eng yaxshi yo`nalish”, “To`y uchun eng yaxshi yo`nalish”, “Eng yaxshi kurort-otel” kabilar shular jumlasidandir.
“Travel+Leisure” jurnali AQSh, Avstraliya, Xitoy, Evropa va Janubi-Sharqiy Osiyo, shuningdek ko`plab boshqa davlatlarda chop etiladi.
Tadbir doirasida mazkur jurnal muharriri Ayndrila Mitra 2020 yilda O`zbekistonning turistik salohiyatiga bag`ishlangan maxsus loyihalarni amalga oshirmoqchi ekanini ma`lum qildi.






