Mamlakatimizda ijtimoiy sohani rivojlantirish, xususiy tadbirkorlikka keng yo`l ochib berish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar doirasida yangi ish o`rinlarni yaratish va shu orqali aholi bandligini ta`minlashga erishilmoqda.
Harbiy xizmatchilarning oila a`zolari bandligini ta`minlash, ularning tadbirkorlik bilan shug`ullanishida imtiyozlar yaratilish va bu borada ularga ko`mak berish maqsadida Xorazm viloyatidagi harbiy qism qo`mondonligi hamda Shovot tuman hokimligi bilan hamkorlikda podpolkovnik Hayotjon Musaevning turmush o`rtog`i, “Shohizamin hayot” xususiy korxonasi rahbari bo`lgan Shahnoza Narzullaevaga tumandagi “Qiyat” qishloq fuqarolar yig`ini hududida joylashgan va anchadan beri foydalanmasdan kelinayotgan 2000 kvadrat metr er maydoni berilib, 1000 kvadrat metr maydonli bino va inshootlari qurilib, foydalanishga topshirildi.
– “Mikrokreditbank” ATB Shovot tumani filiali hamda Urganch harbiy prokuraturasi ko`magi bilan ushbu bino va inshootlarda parrandachilik bilan tadbirkorlikni yo`lga qo`yish va yangi ish o`rinlarini yaratish maqsadida 200 mln. so`m miqdorida kredit ajratildi”, – deydi korxona rahbari. – Mana shunday imkoniyatlardan unumli foydalanib, 5 ta yangi ish o`rinlarini ochishga muvaffaq bo`ldik. Hozirda ushbu ish o`rinlari bilan ham harbiy xizmatchilarning oila a`zolari ta`minlandi. Tovuq go`shtini etishtirish uchun 5500 dona jo`ja sotib olindi va parvarishlash ishlari boshlandi. Tadbirkorlik faoliyatimni boshlashimda bizga ko`mak bergan barcha davlat organlari va tashkilotlarga minnatdorchiligimni bildiraman.
Korxona ochilish marosimida Shovot tuman hokimligi, Urganch garnizoni qo`mondonligi hamda Urganch harbiy prokuratura vakillari ishtirok etdi. So`zga chiqqanlar ushbu maqsadli ishni boshlagan tadbirkor faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilab, kelgusida ham ko`ldan kelgancha yordam berishga va`da berishdi.
Shimoli-g`arbiy harbiy okrug matbuot xizmati






