AsosiyJamiyat

MIB: O`zbekiston va Qirg`iz Respublikasi o`rtasida Memorandum imzolandi

'MIB: O`zbekiston va Qirg`iz Respublikasi o`rtasida Memorandum imzolandi'ning rasmi

Joriy yilning 15 noyabr kuni O`zbekistonning taklifiga binoan Qirg`iz Respublikasining Oliy sudi huzuridagi Sud departamenti direktori K.M.Kapalov boshchiligidagi delegasiya tashrif buyurdi. 

Tashrif davomida O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi va Qirg`iz Respublikasi Sud departamenti o`rtasida ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlash, shuningdek ikki davlatning majburiy ijro xizmatlari o`rtasida ustuvor yo`nalishlar va istiqboldagi rejalarni amalga oshirishda o`zaro hamkorlik qilish masalalari ko`zda tutilgan. 

Ta`kidlash joizki, bu ikki mamlakatlarning tarixiy uzviy bog`liqligini hamda o`zaro iqtisodiy va siyosiy jihatdan almashinish o`sib borayotganligini hisobga olganda, Qirg`iz Respublikasi va O`zbekiston manfaatlariga javob beradigan ikki idoralar o`rtasidagi foydali hamkorlik muhim ahamiyatga ega. Tashrif doirasida, Bosh prokuraturada Qirg`iz Respublikasi Sud departamenti va Byuro rahbarlari o`rtasida rasmiy muzokaralar o`tkazildi. 

Qirg`iz Respublikasi Sud departamenti va Byuro o`rtasida kelgusida ikki tomonlama anglashuv va hamkorlik qilishning huquqiy asosi hisoblanuvchi Memorandum imzolandi. Memorandumda ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashni nazarda tutuvchi, ma`lumot va tajriba almashish, hamkorlikdagi tadbirlarni o`tkazib borish, shuningdek sud qarorlarining majburiy ijro qilish masalalari yuzasidan bevosita maslahatlashuvlarni o`rnatish nazarda tutilgan. 

Bosh prokuraturada Majburiy ijro byurosi faoliyati va O`zbekiston Respublikasidagi sud va boshqa organlar hujjatlarining ijrosi etish tizimiga bag`ishlangan taqdimot bo`lib o`tdi. Qirg`iz Respublikasi delegasiyasiga O`zbekiston Respublikasining majburiy ijro tizimidagi amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma`lumot berildi. 

Shundan so`ng, Qirg`iz Respublikasi Sud departamenti delegasiyasi Bosh prokuratura Akademiyasiga tashrif buyurdi. Akademiyada ikki davlatning vakillari o`rtasida “O`zbekiston va Qirg`iz Respublikacida majburiy ijro tizimi” mavzusida seminar bo`lib o`tdi. Bundan tashqari, Qirg`iz Respublikasi delegasiyasi Majburiy ijro byurosi markaziy mahkamasiga ham tashrif buyurib, qisqacha Byuro faoliyati bilan tanishdi. 

Mehmon delegasiyasida, MIB faoliyatiga tatbiq etib kelinayotgan axborot-kommunikasiya texnologiyalar, boshqa idoralari bilan axborot almashinuvi, ijro hujjatlari yuzasidan qarzdorliklarni undirish masalalari bo`yicha yagona idoralararo elektron hamkorlik tizimi, elektron savdo maydonchasi orqali ijaraga berish mexanizmlari va yaratilayotgan boshqa yangiliklar alohida qiziqish tug`dirdi. 

Shu bois, Qirg`iz Respublikasi delegasiyasi O`zbekiston Respukblikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi “E-IJRO AUKSION” elektron onlayn-auksionlarni tashkil qilish markaziga tashrif buyurdi. Qirg`iz Respublikasi a`zolari Byuro tomonidan oxirgi yillarda majburiy ijro sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli erishilayotgan natijalarni yuksak baholadi.

Kelgusida ikki tomonlama munosabatlarni yo`lga qo`yish, o`zaro huquqiy yordam ko`rsatish bo`yicha samarali hamkorlik qilish, shunindek, xorij davlatlari hududidagi qarzdorlar hamda ularning mol-mulklarini va daromad manbalarini qidirib topish masalalari bo`yicha istiqbolli ishlarni amalga oshirishni belgilab olishdi. 

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi

    Boshqa yangiliklar