2019 yil 14 noyabr kuni “O`zekspomarkaz”da “O`zbekistonga sayohat qil!” II Ijtimoiyvideoroliklar festivali g`olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimi bo`lib o`tadi.
Tanlov O`zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi va O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi tomonidan tashkil etilmoqda.
Festival O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi tomonidan tashkil etilgan “Ipak yo`lida turizm”25-Toshkent Xalqaro turizm yarmarkasi doirasida o`tkazilmoqda.
Tanlovga bir necha oylar davomida davlat va nodavlat teleradiokanallari, matbuot xizmatlari, mustaqil ishtirokchilar va blogerlardan quyidagi mavzular bo`yicha ijtimoiy videoroliklar qabul qilib olindi:
- “O`zbekistonga xush kelibsiz!” (“Welcome to Uzbekistan”)
- “O`zbekistonda gastronomik turizm” (“Taste Me”)
- "Madaniy va tarixiy O`zbekiston" ("Must See").
Nominasiyalar bo`yicha g`oliblar maxsus diplom, statuetka va pul mukofotlari bilan taqdirlanadilar:
- I o`rin uchun – 15 000 000 so`m,
- II o`rin uchun – 10 000000 so`m,
- III o`rin uchun – 5 000 000 so`m,
va bosh sovrin (Gran-pri) g`olibi “Spark” avtomobili bilan taqdirlanadi.
Shuningdek, O`zbekistonda turizmni rivojlantirishda faol ishtirok etganlar uchun 10 ta maxsus rag`batlantiruvchi mukofot taqdim etiladi.
Ta`kidlash joizki, tanlovga 115 nominant tomonidan 180 ta videorolik taqdim etildi. Shulardan 38 tasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasining Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri Departamentlari bo`limlari tomonidan taqdim etildi. Shuningdek, tanlovda hududiy tele va radiostansiyalari, Milliy gvardiya, mustaqil rejissyorlar, operatorlar va blogerlarning ijtimoiy roliklari ham ishtirok etdi.
Tantanali tadbirda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a`zolari, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo`llab-quvvatlash Jamoat fondi mablag`larini boshqarish bo`yicha Parlament komissiyasi a`zolari, davlat jamoat va xalqaro tashkilotlar rahbarlari, 25-Toshkent Xalqaro turizm yarmarkasi qatnashchilari va mehmonlari Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi vakillari, O`zEOAVMAga a`zo nodavlat teleradio stansiyalar direktorlari va bosh muharrirlari va i, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etadi.






