Bundan bir necha kun avval ijtimoiy tarmoqlarda “Lukoyl” kompaniyasi xodimi Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanidagi korxona ishchilarini haqorat qilgani aks etgan videolavha tarqalgan edi. Undagi tasvirlarga ko`ra, amaldor xodimlarning ish jarayonidagi kamchiliklari uchun tanqid qilgan, bir qator haqoratomuz so`zlar bilan birga mahalliy ishchilarga nisbatan “qo`y podasi”, “qishlog`ingizga keting” singari singari so`zlarni ham ishlatgan.
Bugun taniqli tarixchi va publisist Shuhrat Salomov (Barlos) Rossiyaning “Lukoyl” kompaniyasi rahbari Vagit Alekperovga ochiq xat yo`lladi. Unda mazkur kompaniyaning, xususan, uning rahbari V.Alekperovning O`zbekiston iqtisodiyotiga qo`shayotgan hissasiga yuqori baho berilgan.
Shu bilan birga Shuhrat Salomov kompaniya xodimi I.Shilov O`zbekistonda ishlayotgan mahalliy xodimlarga nisbatan qo`pol munosabatda bo`lgani, garchi uning ustidan shikoyat qilingan bo`lsa-da, hech qanday amaliy chora ko`rilmagani, kompaniya vakili bu harakatlari uchun ommaviy tarzda uzr so`rashi lozimligini qayd etgan. Shuningdek u murojaat yakunida “Lukoyl” rahbaridan o`zbek xalqiga nisbatan behurmatlik qiladigan xodimlarni yurtimizga yubormaslikni so`ragan.
Eslatib o`tamiz, “Lukoyl” O`zbekistonda faoliyat ko`rsatayotgan eng yirik xorijiy kompaniyalardan biri hisoblanadi. Ayni paytda kompaniya vakillari Qandim gazni qayta ishlash majmuasi, Shodi-Havzak, janubi-g`arbiy Hisor hududlarida hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirb kelmoqda.






