Parij shahrida YuNESKO 40-yubiley sessiyasining tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi. Unda BMT va YuNESKO rahbariyati bilan bir qatorda 14 davlat va hukumat delegasiyalari ishtirok etishdi – Tojikiston, Serbiya, Estoniya, Latviya, Serra-Leone va Mali prezidentlari, Armaniston, Andorra, Malta, Tunis va boshqalar shular jumlasidandir.
O`zbekistondan sessiya ishida Bosh vazir o`rinbosari Aziz Abduhakimov boshchiligidagi delegasiya qatnashmoqda.
Anjumanning ochilishida BMT Bosh kotibi Antoniu Gutterish chiqish qilib, u asosan insoniyat oldida turgan muhim chaqiriqlar hamda ularning echimini topish uchun har tomonlama hamkorlik aloqalarini mustahkamlashning ahamiyatiga to`xtaldi.
Gutterish jamiyatlar, mamlakatlar va dunyo tinchligiga raxna solayotgan asosiy xavflarni qayd etib o`tdi:
- geosiyosiy beqarorlik ko`lami kengayishi, xalqaro huquq ahamiyatining zaiflashuvi va ko`p qutbli tizimning buzilishi;
- ijtimoiy kelishuvni buzish, aholining o`z hukumatiga ishonchsizligining sezilarli darajada oshishi;
- milliy va diniy jihatdan kamchilikni tashkil qilganlar hamda migrantlarga nisbatan kamsitilishning kuchayishi;
- iqlim o`zgarishi, o`simliklar va jonivorlar turlari yo`qolishiga olib kelgan global ekotizimning buzilishi;
- raqamli bo`linishning chuqurlashuvi, shu jumladan zamonaviy texnologiyalar asosida kiberjinoyatlar sonining ko`payishi.
Ushbu kontekstda Gutterish yuqorida qayd etilgan chaqiriqlarga qarshi madaniyat, ta`lim, ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirishda global sa`y-harakatlarni qo`llab-quvvatlash, jamiyatda OAVning roli va jurnalistlarni himoyalash, xalqlar o`rtasida o`zaro aloqalarni mustahkamlash hamda diniy bag`rikenglik orqali kurashishda YuNESKOning BMT tizimida tutgan asosiy rolini alohida ta`kidladi
BMT Bosh kotibi yoshlar muammosini hal qilishda birlashish zaruratiga alohida e`tibor qaratdi.
“Yoshlar o`rtasida ishsizlik va o`z joniga qasd qilish holatlarining oshishiga nisbatan befarqlik misli ko`rilmagan oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shu bois yosh avlod o`z muammosini o`z hal qilishni o`rganadigan sharoitlarni yaratish juda muhim”, - dedi A.Gutterish.
BMT Bosh kotibi tashkilotga a`zo mamlakatlarni zamonamiz muammolari echimini topish uchun hamkorlikni mustahkamlashda ko`p tomonlama diplomatiyaning rolini aniq anglab etishga chaqirdi. Uning so`zlariga ko`ra, bu ma`noda inklyuzivlikni ta`minlash, ya`ni xalqaro tashkilotlarning nafaqat davlatlar, balki global moliyaviy institutlar, xususiy sektor va shaharlar bilan aloqalarini kengaytirish alohida ahamiyatga ega.
Sessiya 13 noyabr kuni o`z ishini boshladi. Anjumanning asosiy tadbiri umusiyosiy debatlar bo`lib, ularning davomida delegasiyalar rahbarlari, jumladan O`zbekiston delegasiyasi rahbari o`z ma`ruzasi bilan chiqish qilmoqda, deya xabar beradi Turizmni rivojlantirish Davlat qo`mitasi.






