AsosiyJamiyat

"Yuksalish" ham "Lukoyl"xodimiga chora ko`rishni so`ramoqda

'"Yuksalish" ham "Lukoyl"xodimiga chora ko`rishni so`ramoqda'ning rasmi

«Lukoyl Uzbekistan Opereyting Kompani» MChJ rahbar xodimi tomonidan Qashqadaryo viloyatida joylashgan Jarquduq majmuasi ishchilari sha`niga nomaqbul so`zlar aytayotgani aks etgan videolavha shu kunlarda internet foydalanuvchilarining keskin e`tiroziga sabab bo`lmoqda.

«Yuksalish» umummilliy harakati mazkur masala yuzasidan munosabat bildirar ekan, qanday holat bo`lishidan qat`i nazar, ayniqsa «Lukoyl» kabi yirik kompaniya vakili tomonidan bunday xatti-harakatlarning amalga oshirilishi jiddiy e`tibor qaratish lozim bo`lgan holat, deb baholadi.

"Shuningdek, xizmat vazifasini bajarish davomida yo`l qo`yilgan xato va kamchiliklar uchun mas`ul xodimlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda jazo choralarini ko`rish eng to`g`ri yo`l ekanligini eslatadi. Bir guruh shaxslarni millat yoki etnik kelib chiqishini nazarda tutgan holda haqoratlash yoki kamsitishga esa aslo yo`l qo`yib bo`lmaydi.

Boz ustiga O`zbekistonda tarixan millatlararo totuvlik, xalqlar o`rtasidagi do`stlik munosabatlari juda yaxshi rivojlangan. Bag`rikenglik o`zbek xalqining yuksak fazilati hisoblanadi.

Shu munosabat bilan, «Yuksalish» umummilliy harakati kompaniya rahbariyatidan kelgusida bunday holatlarga takror yo`l qo`ymaslik haqida, shuningdek, mazkur salbiy holat ishtirokchisiga nisbatan ko`rilgan chora yuzasidan yaqin vaqt davomida jamoatchilikka axborot berish lozim deb hisoblaydi. Zero, shaxs qadr-qimmati, uning sha`ni daxlsizligi O`zbekiston qonunchiligi hamda xalqaro normalarga muvofiq oliy qadriyat hisoblanadi", deyiladi munosabatda.

Eslatib o`tamiz, avvalroq “Adolat” partiyasi ham mas`ul organlardan “Lukoyl” bosh energetigiga chora ko`rilishini so`rab chiqqani haqida xabar bergan edik.

 

    Boshqa yangiliklar