AsosiyJamiyat

Qanday holatda qarzdoning O`zbekistondan chiqishiga cheklov qo`yilmasligi belgilandi

'Qanday holatda qarzdoning O`zbekistondan chiqishiga cheklov qo`yilmasligi belgilandi'ning rasmi

MIB, ichki ishlar va chegara qo`shinlarining idoralararo hamkorlik tizimi qayta ko`rib chiqildi 

“Sud hujjati asosida berilgan ijro hujjatini yoki ijro hujjati bo`lgan sud hujjatini uzrsiz sabablarga ko`ra ijro etmagan qarzdor jismoniy shaxsning O`zbekistondan chiqishini vaqtincha cheklashni ta`minlash yuzasidan Majburiy ijro byurosi, Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo`shinlarining hamkorligi tartibi to`g`risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror Adliya vazirligida davlat ro`yxatidan o`tkazildi.

Unga ko`ra, qarzdor jismoniy shaxsning O`zbekistondan chiqishini vaqtincha cheklash ijro hujjati qarzdor tomonidan uzrsiz sabablarga ko`ra ijro etilmaganda qo`llaniladi. 

 Quyidagi hollarda qarzdorning chetga chiqishi cheklanmaydi: 

* qarz miqdori BHMning 5 baravaridan (1 115 000 so`mdan) oshmasa (avval bu miqdor  446 000 ni tashkil etgan), aliment yoki boshqa davriy to`lovlarni undirishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari bundan mustasno; 

* sud qarorini ijro etish uchun etarli mol-mulk olib qo`yilgan bo`lsa; 

*qarzdor yuridik shaxs bo`lganda. 

Qarzdorning chetga chiqishini vaqtincha cheklash to`g`risida undiruvchi (uning vakili) ariza bilan MIBga murojaat etishi mumkin.

Arizani ko`rib chiqish natijasi bo`yicha qaror chiqariladi yoki ariza rad etiladi. 

Cheklov qo`yilganligi va olib tashlanganligi haqidagi ma`lumot idoralararo hamkorlik tizimi orqali ichki ishlar organlari va Chegara qo`shinlariga yuboriladi.

Qarzdorning chetga chiqishi vaqtincha cheklanganligi yoki cheklov olib tashlanganligi haqida unga yozma xabar (elektron pochta) va telefon (mobil aloqa) orqali SMS yuboriladi. 

 Quyidagi hollarda cheklov to`xtatib turiladi va qazdorning chetga chiqishiga ruxsat beriladi: 

* O`zbekistondan tashqarida kasalxonaga yotqizishni talab qiladigan hollarda; 

* O`zbekistondan chiqib ketuvchi delegasiya tarkibiga kiritilganda. 

Chegara hududlarda chetga chiqishi vaqtincha cheklangan qarzdor aniqlanganda, unga bu haqda to`liq ma`lumot beriladi va www.mib.uz sayti orqali ma`lumot olishi mumkinligi tushuntiriladi.

Boshqa yangiliklar