Prezidentimizning 2018 yil 2 avgustdagi “Respublika hududlarida “Business city” zamonaviy ishbilarmonlik markazlarini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori asosida Nukus shahri markazida “Nukus city” shaharchasi barpo qilinadi.
O`zAning ma`lum qilishicha, shahar ichidagi yangi shaharning qurilish ishlari kelgusi yilda boshlanadi.
Nukus shahri arxitektura va qurilish bo`limi arxitektori Azamat Orazimbetov taqdim etgan ma`lumotga ko`ra, Prezident qarori ijrosi yuzasidan Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan 2019 yil 26 fevralda “Nukus city” zamonaviy ishbilarmonlik markazini tashkil qilish to`g`risida”gi qarori qabul qilingan.
Bugungi kunda “Nukus city” loyihasining yangi varianti ishlab chiqilgan. Yangi shaharcha shahar markazidan oqib o`tuvchi “Do`stlik” kanalining chap qirg`og`idagi maydonga, ya`ni “Turon” mahalla fuqarolar yig`iniga qarashli hududda barpo etiladi. Qurilish ob`ektlari uchun birinchi bosqichda 43 gektar er maydoni tanlangan bo`lsa, ikkinchi bosqichda bu 53 gektarga etkazildi. “Nukus city”ning umumiy maydoni 70 gektardan ortiq bo`ladi.
Qurilish uchun belgilangan hududda 400 dan ortiq xususiy uylar bosqichma-bosqich buzilishi belgilangan. Ijtimoiy ahamiyatga ega ba`zi yirik ob`ektlar – masjid, sport kolleji, suv basseyni, futbol stadioni va yangi qurilgan 4-5 qavatlik uylar buzilmaydi.
“Nukus city”da dastlab 16 qavatlik uylar qurilishi rejalashtirilgan. Undan tashqari 20 qavatli mehmonxona, biznes markazlari, ko`ngilochar maskanlar, banklar, savdo do`konlari qurilishi ham nazarda tutilgan.
Xususiy uylarni buzib, ko`chirish ishlari 3 bosqichda olib boriladi. Birinchi bosqichda 140 ta uyning buzilishi va uning egalarini boshqa joyga ko`chirish ishlari reja qilingan.






