Ijtimoiy tarmoqlarda “Sariosiyodagi qishloqda tok pastligidan elektr hisoblagichlar ham ishlamayapti — video” sarlavhali material “Surxondaryo hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ tomonidan o`rganilib, quyidagilar ma`lum qilinadi.
“Marjona” MFY elektr energiyasi iste`molchilari 110/35/10 kVli “Sharg`un” podstansiyasi 4-fider 281-sonli transformator punkti orqali elektr energiyasi bilan ta`minlangan bo`lib, ushbu MFYga 2017 yil modernizasiya dasturi doirasida quvvati 630 kVA transformator punkti o`rnatilgan. Aholi iste`molchilar sonining ko`payishi va xonadonlar tarqoq joylashganligi hisobiga bugungi kunda ayrim xonadonlarda kuchlanish me`yor darajasidan pastligi aniqlandi.
Yuqoridagi kamchiliklarning oldini olish hamda iste`molchilarni sifatli elektr energiyasi bilan ta`minlash maqsadida, xonadonlarning joylashish sharoitini e`tiborga olgan holda quvvat markazida 5 (besh) kun muddatda 281-sonli transformator punktiga qo`shimcha quvvati 100 kVA bo`lgan transformator punkti o`rnatilib, kamchiliklarni bartaraf etish bo`yicha ishlar boshlandi.
Eslatib o`tamiz, ayni vaqtda elektr energiyasi ta`minoti bilan bog`liq holatlar yuzasidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan ishga tushirilgan Call-Markazining 11-54 raqami yoki Telegram’dagi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ bilan muloqot” kanali (👉 @hetmuloqot, @HET_admin) orqali ham o`z murojaatlaringizni yo`llashingiz mumkin.






