Afsuski, ko`pchilik Parlament va mahalliy kengashlarga saylovlar nima uchun kerakligini, shaxsan o`zining hayotiga bu saylovlar qanday ta`sir ko`rsatishini, umuman saylovdagi o`z mas`uliyatini, beradigan ovozining salmog`ini his qilmaydi. Aholi asosan siyosatdan yiroq (siyosatga aralashma degichlar ko`p), siyosiy savodxonligi past va uni oshirishga ehtiyoj ham sezmaydi, deya fikr-mulohazalarini boshlaydi bloger Shahnoza.
"Nega?
Odamlar yo`l harakati qoidalarini o`rganyapti, gadjetlardan foydalanishni o`rganyapti, ishlashga boraman deb chet tiliyu xorij mehnat qonunchiligini ham o`rganyapti... Lekin saylovlarga qiziqmaydi, saylov qonunchiligini o`rganmaydi, “o`nglar-so`llar”, ishonchli vakil, saylovoldi dasturi, demokratik blok va hokazo tushunchalarga nisbatan befarq.
Mahalliy kengash nimaligini bilmaydiganlarni ko`p ko`rdim, Senatni Qonunchilik palatasidan farqlamaydiganlarni ham. "Bildim nima-yu, bilmadim nima?", "Nima farqi bor?", "Foydasi yo`q"... Shunaqa javoblar...
Odamlarimiz “siyosatga aralashish, siyosatni bilish o`zining kelajagi haqida qayg`urishdir” degan fikrdan yiroq. Chunki shu paytgacha u na o`zi “saylagan” deputatning va na o`zi saylagan Parlamentning kuchini ko`rdi. Ular xalqning hayotiga, kelajagiga doir muhim qarorlarda xalq tomon bo`lmadilar, umuman, bor-yo`qlari bilinmadi.
Otning kallasidek jarimalar, xalq manfaatiga zid tuzilgan "Gazprom" bilan shartnoma, urchib ketgan monopoliyalar, xarob ta`lim va sog`liqni saqlash... Bularning bari "shonli" parlamentimizning faol sukuti yoki "faol ishtiroki" natijasi emasmi? Bundan keyin boshqacha bo`lishiga odamlarni ishontirish uchun qo`limizda nima bor?
Hozir partiyalarning o`zaro tosh otishlarga istehzo bilan qarayapti ko`pchilik. Otangdan qolgan molni talashasanmi, yutganing bilan tizginni berishadimi qo`lingga, berishsa, eplaysanmi deydi-da. Menimcha, hozir bizga partiyalar piaridan ham ko`ra jonli parlament piari kerak. Resursni ko`proq shunga yo`naltirishimiz lozim.
Shunday deb tursam...
Avvalgi chaqiriqda sal jonli ishlagan sanoqli deputatlarning aksari bu safar nomzodlar orasida yo`qligi yana kayfiyatni tushiryapti. Tadbirkorlar, jurnalistlar, fuqarolik jamiyati vakillari kam, asosan ijro hokimiyatiga ishlab turgan lavozimi yo boshqa jihatdan tobe insonlar... Biz yangicha ishlaydigan Parlament bo`ladi deb tursak, nahotki, avvalgisidan ham battar tussiz majlis yig`ilsa?
Qishning sovuq kuni, yana yakshanbada uyidan chiqib saylov uchastkasiga borishga odamlarni nima undaydi? Bizda shunday rag`bat bormi? Ovoz ber, yaxshi Parlament tuzilsa, bolang sifatli ta`lim oladi, shifokorlar yaxshi qaraydi, uyingda doim gaz-svet bo`ladi, oyligingga orttirib uy olasan, sayohat qilasan deb odamlarni ishontira olamizmi?"






