Ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi shahrida ichki ishlar bo`limi xodimi soqol qo`ygan yigitni zo`rlik bilan olib ketgani haqida xabarlar tarqaldi.
O`zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligi mazkur holat bo`yicha Qashqadaryo viloyati IIB tomonidan o`tkazilgan tekshiruv natijalarini e`lon qildi.
Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasining ma`lumotiga ko`ra, joriy yilning 31 oktyabr kuni Qashqadaryo viloyati IIB post-patrul va jamoat tartibini saqlash bo`linmasi xodimi serjant X.Normurodov belgilangan taqsimotga asosan Qarshi shahridagi “Oqtepa fayz baraka” savdo majmuasi (xalq orasida “Orzu bozori” deb nomlanadi) hududida jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini ta`minlash maqsadida xizmatga jalb etilgan.
Xizmat jarayonida, savdo majmuasi hududida noqonuniy valyuta savdosi bilan shug`ullanganligiga gumon qilib, Kasbi tumanida yashovchi, 1993 yilda tug`ilgan F.Axadovni huquqbuzarlik sodir etmasligi to`g`risida og`zaki ravishda ogohlantirib, ushbu joyni tark etishi xaqida talab qo`ygan. O`z navbatida, F.Axadov xodimning so`zlariga bepisandlik qilganligi oqibatida ular o`rtasida tortishuv yuzaga kelgan. Shundan so`ng X.Normurodov fuqaroni shaxsini aniqlash maqsadida uni bozor hududidagi tayanch punktiga olib borish uchun patrul avtomashinasiga mindirmoqchi bo`lganida F.Axadov qarshilik ko`rsatgan. Aynan mana shu holat videotasvirda aks ettirilgan.
X.Normurodov fuqaro F.Axadovni huquqbuzarlarni olib yurish uchun mo`ljallangan avtomashinaning orqa qismiga mindirib, ichki ishlar organlari tayanch punktiga olib borgan. U erda X.Normurodov F.Axadovning xatti-harakatlari noo`rinligini, ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablariga bo`ysunishi uning burchi ekanligini tushuntirgan. Shundan so`ng F.Axadov X.Normurodovdan uzr so`rab, boshqa bunday holat qaytarilmasligini ta`kidlagan. X.Normurodov o`z navbatida, fuqaroni og`zaki ogohlantirish bilan cheklanib, huquqbuzarlik holatini xujjatlashtirmasdan F.Axadovga javob berganligi ma`lum bo`ldi.
Tekshiruv jarayonida X.Normurodov fuqaro F.Axadovning ismini bilmaganligi sababli uning soqol qo`yib olganligi uchun unga nisbatan “soqoltoy” deb murojaat qilganligi, diniy e`tiqodi bo`yicha tahqirlash mazmunida biror bir gap aytmaganligi, fuqaro F.Ahadov ham buni tasdiqlayotganligi aniqlangan.
Xulosaga ko`ra, X.Normurodov fuqarolar bilan muloqot jarayonida kasb madaniyati tamoyillarini buzganligi, o`zining xatti-harakatlari tufayli keng jamoatchilikda ichki ishlar organlarining faoliyatiga nisbatan salbiy fikr shakllanishiga sabab bo`lganligini inobatga olib, intizomiy jazo sifatida lavozimidan chetlatilib, quyi tizimga tushirilgan.






