O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 7 noyabr kuni joriy yilda davlat byudjetiga tushumlar prognozi ijrosini ta`minlash, tadbirkorlik va kichik biznesni joylarda yanada rivojlantirish uchun qo`shimcha imkoniyatlarni aniqlash va ishga solish bo`yicha ko`rilayotgan choralar samaradorligi hamda bu boradagi dolzarb vazifalarga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi o`tkazdi.
Yig`ilishda O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko`rib chiqish qabulxonalariga kelib tushgan 26 mingta murojaatning deyarli yarmi bevosita tuman darajasida hal qilish mumkin bo`lsa-da, muammolar joyida echilmagani uchun fuqarolar yuqori idoralarga murojaat qilishga majbur bo`layotgani yaqqol ko`rinib turganligi aytib o`tildi.
Bunday holatlar Samarqand, Toshkent, Xorazm, Andijon, Jizzax, Qashqadaryo viloyatlarida ancha yuqoriligi ta`kidlandi. Shuning uchun, barcha viloyat va tumanlar hokimlari ikki kun muddatda Tadbirkorlarga murojaat qabul qilishi bo`yicha ko`rsatma berildi.
Murojaatda tadbirkorlar oldida bundan keyin hech qanday to`siqlar bo`lmasligi, hududdagi barcha rahbarlar ularga yaqindan ko`makchi bo`lishi, har kuni doimiy ravishda tadbirkorlar masalalari bilan shug`ullanishi to`g`risida hokimlarga shaxsan kafolat berish vazifasi yuklatildi.
Murojaatning bosh mazmuni hamma narsa tadbirkor uchun ekanligini xalqimizga etkazishdan iborat. Shuning uchun Murojaatni ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va aholi gavjum joylardagi bannerlarda e`lon qilib, unda hokimlar, sektorlar va mutasaddi idoralar rahbarlarining telefon raqamlari ham ko`rsatilishi shartligi belgilandi.
Bundan tashqari, hududiy ishchi guruhlar joylarda yurib, hokimlar va sektorlar rahbarlari bilan birga tadbirkorlikni rivojlantirish bo`yicha ishlarni samarali tashkil etishi kerakligi ta`kidlandi.






