AsosiyJamiyat

"Dom"da yashaydiganlar uchun uyni boshqarish usuli belgilandi

'"Dom"da yashaydiganlar uchun uyni boshqarish usuli belgilandi'ning rasmi

"Huquqiy axborot" telegram-kanalining xabariga ko`ra,O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan  “Ko`p kvartirali uylarni boshqarish to`g`risida” Qonun imzolangan.

Qonunda ko`p kvartirali uy, umumiy mol-mulk kabi tushunchalar ochib berildi.  Jumladan, ko`p kvartirali uyga tutash er uchastkasiga yoxud bunday uydagi umumiy foydalaniladigan joylarga mustaqil chiqish yo`laklariga ega bo`lgan ikki va undan ortiq kvartiralar majmui ko`p kvartirali uy hisoblanadi.

Qonunga muvofiq, ko`p kvartirali uyni boshqarish usuli ko`p kvartirali uydagi joylar mulkdorlarining umumiy yig`ilishida belgilanadi. Ko`p kvartirali uyni boshqarish quyidagilar tomonidan amalga oshirilishi mumkin:

- bevosita joylarning mulkdorlari tomonidan;

- yuridik shaxs bo`lgan boshqaruvchi tashkilot tomonidan yoki jismoniy shaxs (yakka tartibdagi tadbirkor) bo`lgan boshqaruvchi tomonidan shartnoma asosida;

- bitta yoki zich joylashgan bir nechta ko`p kvartirali uyda turar joylarning va yashash uchun mo`ljallanmagan joylarning mulkdorlarini birlashtiruvchi uy-joy mulkdorlarining shirkati bo`lgan notijorat tashkilot tomonidan.

Shuningdek, Qonunga ko`ra, umumiy mol-mulk joylarning mulkdorlariga umumiy ulushli mulk huquqi asosida tegishli bo`ladi. Agar umumiy mol-mulkning boshqa shaxsga berilishi yoki foydalanish uchun o`tkazilishi boshqa mulkdorlarning o`z mulk huquqlarini amalga oshirishini cheklaydigan bo`lsa, u boshqa shaxsga berilishi yoki foydalanish uchun o`tkazilishi mumkin emas.

Qonunga ko`ra, Vazirlar Mahkamasi 2020 yil 1 maygacha Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida, Jizzax va Marg`ilon shaharlarida ko`p kvartirali uylarni boshqarishda ushbu Qonun normalarini aprobasiya qilish yuzasidan huquqiy eksperiment o`tkazadi.

Huquqiy eksperiment yakunlari bo`yicha 2020 yil 1 iyunga qadar bo`lgan muddatda ushbu Qonun normalarini yanada takomillashtirish va uni respublikaning boshqa hududlarida qo`llash to`g`risida Qonunchilik palatasiga taklif kiritiladi.

Ushbu Qonun 2020 yil 1 avgustdan e`tiboran kuchga kiradi.

    Boshqa yangiliklar