O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Havo hujumidan mudofaa qo`shinlari va Harbiy havo kuchlariga qarashli bo`linma shaxsiy tarkibi jangovar tayyorgarlik o`quv rejasiga ko`ra, Navoiy viloyatida joylashgan “Qulquduq” havo-er harbiy poligonida havo hujumiga qarshi raketani amalda muvaffaqiyatli qo`lladi.
Janubi-g`arbiy maxsus harbiy okrugdan marsh davomida shaxsiy tarkib muayyan oraliq vaqtlar mobaynida jangovar texnikalarni texnik nazorat ko`rigidan o`tkazish, ularga yonilg`i quyish, shuningdek, xalqaro va magistral yo`llar, shahar hamda aholi zich yashaydigan hududlarda harakatlanish chog`ida barcha xavfsizlik qoidalariga qat`iy rioya etgan holda “Qulquduq” havo-er poligoniga kelib o`rnashdi.
Harbiy xizmatchilar “Qulquduq” poligonida jangovar texnikalarni belgilangan tartibda xavfsiz, funksional pozisiyalarda joylashtirdi. Yuqori qo`mondonlik o`rtasida va ichki tartibda o`zaro aloqa o`rnatildi. “Osmon himoyachilari”ning mazkur jangovar o`quv-mashg`ulotda qo`yilgan vazifani a`lo darajada bajarishi uchun barcha zarur moddiy-texnik vositalar ta`minoti tashkillashtirildi.
Jangovar shay holatga keltirilgan zenit-raketa majmualari ishga tushirildi: dastlab, harbiy aviasiya orqali yaqin masofadagi nishon havoga qo`yib yuborildi. Havodagi jism haqida to`liq va aniq ma`lumotlarga tayangan holda, raketa jangovar holatda otildi. Nishon qisqa vaqt ichida bexato urib tushirildi; shundan so`ng, uzoq masofadagi nishonlarni urib tushirishga mo`ljallangan zenit-raketa majmuasi o`z “ish”ini boshladi! Havoga shartli dushman – uchuvchisiz uchish apparati uchirildi.
Shaxsiy tarkib boshqaruv va qo`mondonlik punktida uzoq masofadagi nishonning oraliq masofasi, harakati va tezligini aniqlab, kuzatuvga oldi. So`ngra yuqori qo`mondonlikning “Nishon yo`q qilinsin!” buyrug`iga binoan havo-er raketasi jangovar otish holatida nishon tomonga yo`nalish oldi. Sanoqli soniyalarda shartli dushman uchish apparati butkul zararsizlantirildi.
Qo`yilgan jangovar vazifa a`lo darajada bajarildi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti






