Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi “Iskandarxo`ja” masjidi imom noibi Majidov Murodning ma`ruzasidagi Najmiddin Kubro hazratlari bilan bo`lgan it voqeasi keng tarqalmoqda. Undagi ulug` zotning nazari tushgan itning qabrini aylangan inson quturish kasalligidan xalos bo`lishi to`g`risidagi rivoyat bahslarga sabab bo`lmoqda...
Shu bois O`zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda munozaraga sabab bo`layotgan masalaga aniqlik kiritdi.
O`zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassislari Majidov Murod bilan mazkur masala yuzasidan suhbat olib borganda ma`lum bo`ldiki, imom-domla mutasavvif olimlar asarlarida kelgan voqealarni bayon qilish asnosida it qabrini aylanish masalasini asossiz ma`lumotlarga tayangan holda noto`g`ri gapni aytib yuborganini e`tirof etdi.
O`z navbatida bildirib o`tmoqchimizki, Ahli Sunna val Jamoa e`tiqodiga ko`ra, avliyolarning karomatlari haq ekaniga imon keltiramiz. Bu haqda, Imom A`zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhning “Fiqhul akbar” kitobida “Payg`ambarlarga berilgan mo``jizalar va avliyolarga ato etilgan karomatlar haq va rostdir”, deyilgan.
Shuni ham aytib o`tish kerakki, inson xatosini ommaga keng yoyish yoki turlicha talqin qilish mo`minlik sifati emas. Chin ma`noda isloh qilishni xohlagan odam birovning xatosini ommaga ko`tarib chiqmay, balki o`sha odamning o`ziga aytadi. Imom Shofeiy rahimahulloh “Agar menga yolg`iz o`zim turganimda nasihat qilsang, chindan nasihat qilgan, agar odamlar ichida turganimda nasihat qilsang, sharmanda qilgan bo`lasan” deganlar.
Ta`kidlash zarurki, O`zbekiston musulmonlari idorasi imom-domlalarni doimo hujjat-dalil bilan gapirishga undaydi. Zero, dinimizni targ`ib qilishda asossiz rivoyatlarga hojat yo`q. Shuningdek, Diniy idora mana shunday tariqat ahlining botiniy hikmatlari va karomatlarini tushuntirishda juda ham ehtiyot bo`lishga chaqiradi.
Alloh taboraka va taolo dinimiz rivoji yo`lida xizmat qilayotgan barcha xodimlarning tillari va dillarini sahvu xatodan O`zi asrasin!






