Namangan viloyat Xalq ta`limi boshqarmasi Axborot xizmatining rasmiy bayonoti:
Ijtimoiy tarmoqlarda "Ta`lim vaziridan "Innovasion echim" - Fuqarolar nimadan norozi?" sarlavhali maqola yoritilib, unda Chust tumanidagi 25-umumta`lim maktabi o`quvchilarining oliy o`quv yurtiga kirish darajasi o`ta qoniqarsiz bo`lganligi uchun maktab direktorining o`quv ishlari bo`yicha o`rinbosariga nisbatan qo`llanilgan jazo chorasi, ya`ni "Xayfsan" berilganidan norozi ekanligi bayon etilgan.
Mazkur maqola Chust tumani xalq ta`limi bo`limi tomonidan o`rganib chiqildi. Shu asosida ma`lum qilinadiki, haqiqatan ham, umumta`lim maktablari faoliyati va o`qituvchilarning ishi ta`lim sifati va samaradorlik, o`quvchilarning bilim darajasi va oliygohlarga kirishi bilan baholanadi. Mazkur 25-umumta`lim maktabini 2018 - 2019 o`quv yilida bitirgan o`quvchilarning oliygohlarga kirish darajasi o`ta qoniqarsiz bo`lib, ushbu jazo chorasi asosli qo`llanilgan.
Maktab bitiruvchilaridan faqat bir nafari Janubiy Koreyaning Solbridge xalqaro biznes maktabiga o`qishga kirgan bo`lsa-da, bitiruvchilarning oliy o`quv yurtlariga kirish darajasi umumiy hisobda olganda, qoniqarli emas.
Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, "Xayfsan" jazosi to`g`ri va asosli qo`llanilgan bo`lib, tuman XTBning "Intizomiy jazo qo`llash to`g`risida"gi buyrug`i ikki xil emas, faqat bitta buyruq bo`lib, bo`limning markazlashgan hisobxonasiga kadrlar bo`limi noziri tomonidan "Asliga to`g`ri" muhri bilan taqdim etilgan.
Shu o`rinda maktab direktorining o`quv ishlari bo`yicha o`rinbosari ishdan bo`shatilmaganligini, u o`z vazifasida ishlab kelayotganini ma`lum qilinadi.
Qo`shimcha izoh sifatida keltirib o`tish joizki, ushbu 25-umumta`lim maktabi o`quvchilarining 2017 - 2018 o`quv yilida Chust tumanidagi 69 ta maktab orasida fan olimpiadasidagi ishtiroki 9-sinf o`quvchilari 53-o`rin, 10-sinf o`quvchilari 59-o`rin, 2018 - 2019 o`quv yilida esa, 9-sinf o`quvchilari 63-o`rin, 10-sinf o`quvchilari 57-o`rinda bo`lib, mazkur holat ham maktabda ta`lim jarayonlari va darslarni tashkil etish hamda o`quvchilarning bilim darajasini oshirish qay ahvolda ekanligini ko`rsatadi. Yuqoridagilar Chust tumani xalq ta`limi bo`limi tomonidan taqdim etilgan ma`lumotlar asosida bayon etilmoqda.
Xulosa o`rnida qayd etish joizki, shiddatkor islohotlar yo`lidan borayotgan mamlakatimizda yurt istiqboli va ravnaqi ertangi kun egalarining bilim salohiyati, intellektual jihatdan etuk kamol topishiga bog`liq. Kelajakni yaratishda esa, tabiiyki, umumta`lim maktablari faoliyati muhim ahamiyatga ega bo`lib, ta`lim-tarbiyani sifatli tashkil etishda ta`lim sifati va samaradorlik o`quvchining umumta`lim fanlarini qay darajada mukammal egallagani va oliy ta`lim muassasalariga kirishi bilan baholanishi maqsadga muvofiq. Bu mezon o`qituvchining bilimini, salohiyatini oshirish barobarida,o`quvchi bilan ishlashda zamonaviy yondashuvlarga, o`z ustida ishlash, malaka va mahoratini oshirib borishga undaydi.
Natija yoshlarning etuk kamoliga, demakki, yurt ravnaqi va istiqboliga qaratilgan.






