O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida” 2019 yil 3 maydagi qarorida o`quvchi-yoshlarni ilm egallashga bo`lgan ishtiyoqi va intellektual salohiyatini oshirish, xalqaro fan olimpialarda muvaffaqiyatli ishtiroki orqali xalqaro maydonda mamlakatimiz nufuzini yanada yuksaltirish maqsad qilindi.
O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligining xabar berishicha, joriy yilning 9 noyabr kuni Xorazm viloyatida tashkil etilayotgan Ahmad al-Farg`oniy nomidagi fizika olimpiadasi Xalqaro fan olimpiadalariga O`zbekiston terma jamoasini shakllantirish bo`yicha saralash bosqichlaridan biri hisoblanadi.
Ushbu olimpiadada 2018-2019 o`quv yilida hududiy xalq ta`limi va kasb-hunar ta`limi boshqarmalari tomonidan o`tkazilgan asosiy fan olimpiadasining III bosqichida g`olib bo`lib (1-2-3-o`rin), hozirgi kunda umumiy o`rta ta`lim maktablarining 10-11-sinf, akademik liseylarning 1- va 2-bosqich hamda kasb-hunar kollejlarining 3-bosqichida tahsil olayotgan 100 nafardan ortiq iqtidorli o`quvchilar ishtirok etadi.
Fizika olimpiadasiga Ahmad al-Farg`oniy nomining berilishi bejiz emas. Buyuk alloma Ahmad al-Farg`oniy fizika, astronomiya va matematika fanlari rivojiga katta hissa qo`shgan mutafakkir hisoblanadi. O`z davridagi aniq fanlarning deyarli barcha sohalarida tadqiqotlar olib borib, yuzga yaqin asarlar yaratgan. "Yulduzlar ilmi usuli kitobi" asari, “Etti iqlimni hisoblash haqida”, “Oyning Er ostida va ustida bo`lish vaqtlarini aniqlash haqida risola”, “Quyosh soatini yasash haqida kitob” qo`lyozmalari ilm-fan taraqqiyotida muhim o`rin tutadi.
Olimpiada g`oliblari Xalq ta`limi vaziriligi va Xorazm viloyati hokimligi tomonidan pul mukofotlari bilan taqdirlanadi hamda 2020 yilda Litvaning Vilnyus shahrida o`tkaziladigan 51-xalqaro fizika olimpiadasida (IPhO-2020) ishtirok etuvchi milliy terma jamoasini shakllantirish bo`yicha saralash bosqichida ishtirok etish huquqini qo`lga kiritadi.
Qo`shimcha respublika olimpiadasi ishtirokchilari orasidan eng yuqori ballarni to`plagan dastlabki 20 nafar ishtirokchilar iqtidorli o`quvchilar zahirasiga qabul qilinadi va ular bevosita xalqaro fizika olimpiadasining saralash bosqichlarida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo`ladi.






