Toshkent shahrida keng ko`lamda davom etayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari jamoat transporti harakatiga ham o`z ta`sirini ko`rsatmoqda. Xususan, shu sabab yo`llarda tirbandliklar yuzaga kelmoqda, bu esa jamoat transporti –avtobuslar harakati, ular o`rtasidagi intervallarning uzayib ketishiga olib kelmoqda. Ana shunday muammolarning oldini olish maqsadida ayrim avtobus yo`nalishlariga vaqtincha o`zgartirishlar kiritilmoqda.
Jumladan, Toshkent shahrining Yangi Sergeli yo`li va Choshtepa ko`chalari chorrahasi yopilganligi munosabati bilan “4-avtobus saroyi” MChJga biriktirilgan 57,84,122-avtobus yo`nalishlari harakati vaqtincha o`zgartirildi.
57-sonli “Erkin qo`rg`oni – Oloy bozori” va 84-sonli “Obod turmush MFY – Gulobod ko`chasi” avtobus yo`nalishlarining “Erkin qo`rg`oni” bekatidan harakatlanish yo`nalishi bir tomonlama, ya`ni, Choshtepa, Yangi Sergeli yo`li ko`chalari, THAY ko`prigi va Yangi Sergeli yo`li ko`chasi orqali o`tib, keyingi harakatni o`z yo`nalishida davom ettiradi. 122-sonli “Karvon bozori – Qo`yliq M2” avtobus yo`nalishining “Qo`yliq bozori” bekatidan harakatlanish yo`nalishi bir tomonlama — THAY, Yangi Sergeli yo`li ko`chalari, Yangi Sergeli yo`li va Gavhar ko`chalari chorrahasi, Yangi Sergeli yo`li va Choshtepa ko`chalari orqali o`tib, keyingi harakatni belgilangan yo`nalishda davom ettiradi.






