Bugun Qashqadaryo viloyati tashkil topganiga 95 yil to`ldi. Biroq bu kun Qashqadaryoda nishonlanmadi.
Viloyat hokimligi Axborot xizmatining “Nasafnews”ga ma`lum qilishicha, Z.Mirzaev bayram tadbirlari o`tkazilmagani haqida quyidagicha fikr bildirgan.
– Bir qator ijtimoiy tarmoqlarda bugungi unutilmas sanaga bog`liq ko`plab tabriklarni o`qidim, – dedi viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Z.Mirzaev. – Ammo, hokimlik tomonidan hech bir ommaviy tadbirlar tashkil etilmadi. Bu – bizning kamchiligimiz.
Aslida ushbu kunni keng nishonlash maqsadida erta tongdan karnay-surnay sadolari yangrab barchani bayramga chorlashi va viloyatimiz aholisi uchun bayram dasturlari tashkil etilishi kerak edi.
Yurtboshimiz Sh.Mirziyoev ta`kidlaganlaridek, “Qashqadaryoning tanti, bag`rikeng va zabardast xalqi bor. Qashqadaryo xalqi yaxshi sharoitlarda yashashga haqqi bor”.
Qadrli vohadoshlar, jonajon viloyatimiz tashkil topganining 95 yilligi bilan barchangizni chin yurakdan tabriklab, mehnatkash va bag`rikeng Qashqadaryo eliga mustahkam sog`liq va bekamu-kust hayot kechirishlarini tilayman.
Ushbu tarixiy sana bizni kamchiligimiz sababli keng nishonlanmadi. Kelgusida, albatta, bu kamchilik bartaraf etiladi va bayramona nishonlanadi.






