Farg`ona viloyatining anklav hududi – So`x tumanida bugungi kunda 76 mingdan ortiq aholi istiqomat qilmoqda. Xalq bilan samarali muloqotning yo`lga qo`yilganligi natijasida bu erdagi ko`plab muammolar amaliy hal etilyapti.
Ilgarilari oziq-ovqat, yoqilg`i, qurilish materiallarini So`xga va mazkur tumanda etishtirilgan qishloq xo`jalik hamda bog`dorchilik mahsulotlarini chegaradan olib o`tishda ham ko`plab qiyinchiliklar bor edi. Avvalo, chegara, bojxona va Qirg`iziston hududidan o`tiladigan 50 chaqirimlik yo`lda uchraydigan “boshog`riq”lar So`xda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish sur`atlariga hamisha salbiy ta`sir ko`rsatib kelgan. Prezidentimizning qo`shni mamlakatlar bilan yaqin do`stlik hamda hamkorlik aloqalarini mustahkamlash borasidagi faol sa`y-harakatlaridan so`xliklar ham behad mamnun bo`lmoqda.
Bugun So`xda bo`lgan kishi u O`zbekistonning barcha islohotlar to`laqonli amalga oshirilayotgan hududi ekaniga guvoh bo`ladi. Chegara bilan bog`liq muammolar butunlay hal etildi. Masalan, bugun birgina “Vodil” chegara postidan bir kecha-kunduzda 10 mingga yaqin odam har ikki tomonga bemalol o`tmoqda.

Farg`ona viloyati hokimi Shuhrat G`anievning ish kuni tartibida bir oyda kamida bir marta So`xda fuqarolarning sayyor qabulini o`tkazish, viloyat tashkilotlari rahbarlari bilan birga chekka qishloq va mahallalar aholisi bilan uchrashish rejalashtirilgan. Noyabr oyining ilk kunida viloyat rahbari mazkur tumanda bo`lib, aholi bilan uchrashdi.
“G`aznov” mahalla fuqarolar yig`inida 551 ta xonadon bo`lib, ularda 3165 nafar aholi yashaydi. G`aznovliklar bilan muloqot biron bir majlislar zalida emas, ko`cha bo`ylab ahvol bilan tanishish davomida amalga oshirildi. Viloyat hokimi xonadonlarga kirib, odamlarning turmush sharoiti, gaz, ichimlik suvi, elektr, oziq-ovqat ta`minoti ahvoli bilan qiziqdi. Garchi, mahalla ahli hokimga biron bir muammoli masala qo`ymagan bo`lsa-da, hokim bu erda ko`rganlaridan xulosa chiqarib, viloyat gaz ta`minoti idorasi rahbariga qishning sovuq kunlari xonadonlarga berilayotgan gaz bosimini ko`tarish, viloyat yo`l qurilishi idorasi rahbariga esa mahallaning markaziy ko`chasini asfalt qilish haqida topshiriq berdi. “G`aznov” mahalla fuqarolar yig`inida 2016 yildan buyon birorta ham jinoyat sodir etilmadi. Bu erdagi odamlarning ahil va qonunga rioya etib yashash tajribasini ommalashtirish tavsiya etildi.
Navbatdagi uchrashuv “Sohibkor” mahalla fuqarolar yig`inida bo`ldi.

– 2018 yilda qishlog`imizga kelganingizda shifoxona yoki poliklinika qurilishi haqidagi masalani ko`targan edim, – deydi mehnat faxriysi Hamroli Haydarov. – U tez kunlarda qurib bitkazildi va bizning uzog`imiz yaqin bo`ldi. Lekin yana bir iltimosimiz bor. Mahallamizda 200 nafar maktabgacha yoshdagi bolalar bo`lib, ularga ta`lim muassasasi yo`q.
Viloyat hokimi shu erning o`zida bu murojaatni qanoatlantirdi. Kelgusi yilda namunaviy loyiha asosida maktabgacha ta`lim muassasasini qurish bo`yicha aniq topshiriq berildi. Mahalla ahli quvonchini ichiga yashira olmay qo`lini duoga ochdi. Mazkur mahalladagi uchrashuvda asalarichi tadbirkor, mehnat faxriysi Asalbek Murtozobekov yaqinda qo`shimcha 2 ming 800 metr ichimlik suvi quvurlari tortilganidan minnatdorligini bildirdi.
Yoshi to`qsonni quvib borgan “Sarikanda” mahalla fuqarolar yig`inida istiqomat qiluvchi Sirojiddin Madaminov mana 11 yildirki, bir joyda yotadi. Uning xolidan xabar olish uchun viloyat hokimi Sh. G`anievning bemor xonadoniga to`satdan kirib kelishi Sirojiddin otani hayajonlantirib yubordi. Ko`ziga yosh olib, duoga qo`l ochdi.

Sirojiddin Madaminov 62 yil davomida haydovchilik kasbini ulug`ladi. Uni har bir so`xlik yaxshi taniydi va hurmat qiladi.
– Sizga shu bugunoq akkumlyatorli, tugmachalar bilan boshqariladigan aravacha keltirib beriladi. Unda istagan hamqishloqlaringiz, do`stlaringiz oldiga o`zingiz borishingiz imkoni bo`ladi, – dedi viloyat hokimi otaxonga sihat-salomatlik tilab.
Viloyat rahbari sarikandaliklar bilan suhbatlashdi. Ular Prezidentimizga o`zlarining minnatdorchiliklarini bildirishdi. Shu erda 4-maktab o`quvchilari bilan bo`lgan muloqot chog`ida 9-sinf o`quvchisi Samandar Erkinjonov sinflarda o`quvchilar soni belgilangan me`yorlardan ko`pligini aytib, yangi o`quv binosi qurib berilishini so`radi. Bu masala ham mutasaddilarning kichik maslahatlashuvidan so`ng hal bo`ldi. Hokim 2020 yil yangi o`quv yili boshlanadigan kunga qadar 300 o`quvchi o`rniga ega zamonaviy o`quv binosi qurib berishni va`da qildi.

Qirg`izistonning Botken viloyati hududiga kirib borgan So`xning yana bir chekka qishlog`i Hushyordir. Uning tabiati o`ziga xos bo`lib, qirlar oralig`idan So`x daryosining irmoqlari boshlanadi. Uchrashuv chog`ida ana shu qirlarda 50 gektar pistazor yaratilishi, har bir xonadonga undan 10 sotixdan ajratib berilishi, ko`chatlar Farg`onada ekishga tayyorlab qo`yilgani e`lon qilindi. Viloyat gaz ta`minoti idorasi rahbari 10 noyabr kuniga qadar qishloqqa tabiiy gaz ulanishini aytdi.
13-maktabning jismoniy tarbiya o`qituvchisi Ravshan Masharipov qishloqda futbol maydoni tashkil etish taklifi bilan chiqdi. Shu kuniyoq 2 ta mini futbol maydoniga er ajratish haqida tuman hokimining qarori chiqarildi.
So`xning ta`lim tojik tilida olib boriladigan 14-maktabidagi uchrashuv ham g`oyat qiziqarli o`tdi. Dastlab viloyat rahbari tarix fanidan mashg`ulot o`tayotgan 9-sinf o`quvchilari bilan suhbatlashdi va ularning bilimiga yuqori baho berdi. Eng bilimdon o`quvchi Moxjabid Xumordinova va boshqa o`quvchilarga kitoblar jamlanmasi, fan o`qituvchisiga esa televizor sovg`a qilindi.
Viloyat rahbarining avtomashinasi to`satdan peshtoqiga “Qishloq madaniyat uyi” deb yozilgan bino oldida to`xtadi. U bino ahvoli bilan tanishdi, xodimlar bilan suhbatlashdi. Xulosa shunday bo`ldiki, kelasi yil qishloq madaniyat uyi ta`mirlanadi, uning tarkibida kutubxona va san`at yo`nalishlari bo`yicha to`garaklar ochiladi. “Qizil Qiyoq” qishloq fuqarolar yig`inida 2018-2019 yillarda birorta oilada ajrim ro`y bermagan. Qishloq aholisi bilan bo`lgan uchrashuvda viloyat rahbari bunday natijani munosib baholadi va 10 million so`m miqdorida mukofot puli ajratdi.
Ha, darvoqe, bugun So`xdagi kam ta`minlangan, oilasida bemori va fidoiylik bilan mehnat qilgan faxriylari bo`lgan 2 ming 179 ta xonadonga bepul yuqori navli un tarqatildi.






