AsosiyJamiyat

Qurolli Kuchlar kuch tuzilmalari o`rtasida ilk bor “Temurbeklar” musobaqasi o`tkazildi

'Qurolli Kuchlar kuch tuzilmalari o`rtasida ilk bor “Temurbeklar” musobaqasi o`tkazildi'ning rasmi

O`zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasida kuch tuzilmalariga qarashli “Temurbeklar maktabi” va akademik lisey o`quvchilari o`rtasida ilk bor “Temurbeklar” musobaqasi o`tkazildi.

Yoshlarning ma`naviy saviyasi va intellektual salohiyatini yuksaltirish, ular o`rtasida buyuk ajdodlarning ibratli hayotini keng targ`ib qilish, shuningdek, ta`lim muassasalarining faoliyat samaradorligini oshirish, tizimdagi ilg`or tajribalarni ommalashtirish, yoshlar o`rtasida o`zaro hamkorlik va sog`lom raqobat muhitini yaratish maqsadida tashkil etilgan bellashuvda jami 18 ta jamoa ishtirok etdi.

Qizg`in va bahs-munozaraga boy o`tgan bellashuvda jamoalar safda qo`shiq aytib yurish, pnevmatik miltiqdan otish, 3 kilometr masofaga kross yugurish, axborot kommunikasiya texnologiyasi va “Temur tuzuklari” bilimdoni shartlari bo`yicha o`zaro kuch sinashdi.

Bellashuvda ishtirok etgan har bir jamoa g`oliblik uchun astoydil harakat qildi. Ularning musobaqaga puxta tayyorgarlik ko`rib kelgani shartlarni bajarishdagi faolligida ham yaqqol ko`zga tashlandi. Yakuniy natijalar umumlashtirildi va kuchli uchlik aniqlandi.

Unga ko`ra, Mudofaa vazirligi tasarrufidagi Farg`ona “Temurbeklar maktabi” jamoasi faxrli birinchi o`rinni qo`lga kiritdi. Ikkinchi o`rinni Ichki ishlar vazirligiga qarashli Farg`ona akademik liseyi jamoasi egalladi. Uchinchi o`rin esa Milliy gvardiya “Temurbeklar maktabi” jamoasiga nasib etdi.

G`olib va sovrindorlar kubok, medal, diplom va esdalik sovg`alari bilan taqdirlandi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti

    Boshqa yangiliklar