Vebster universitetining Markaziy Osiyodagi birinchi filiali — Toshkent shahridagi ta`lim dasturlarini amalga oshirish markazining tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi.
Bugun, 1 noyabr kuni Vebster universiteti (AQSh)ning Markaziy Osiyodagi birinchi filiali — Toshkent shahridagi ta`lim dasturlarini amalga oshirish Markazining tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi. Bu haqda Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligining telegram kanali orqali xabar berildi.
Marosimda Vebster universiteti Kansleri Elizabet Strobl rahbarligidagi AQSh delegasiyasi vakillari, O`zbekiston Respublikasi prezidenti davlat maslahatchisi A.Abduvohidov, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vaziri I.Majidov, vazir o`rinbosarlari va rektorlar ishtirok etdi.
O`zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 20 martdagi qarori bilan Toshkent shahrida Vebster universitetining ta`lim dasturlarini amalga oshirish markazi tashkil etildi.
O`quv jarayonlari 2019/2020 o`quv yilidan o`quv jarayonlari boshlandi va bu erda bakalavriatning asosiy 14 ta ta`lim yo`nalishlari hamda 16 ta magistratura mutaxassisliklarida kadrlar tayyorlash yo`lga qo`yildi.
Hozirda oliygohda 470 nafar talaba tahsil olmoqda va Vebster universitetining Toshkent filiali talabalar soni bo`yicha Tailand, Xitoy, Niderlandiya, Shveysariya, Gresiya, Avstriya va Ganadagi filiallarni ortda qoldirdi.
Universitetda o`qitish kunduzgi ta`lim shaklida, to`lov-kontrakt asosida, ingliz tilida, jumladan elektron ta`lim va masofaviy ta`lim texnologiyalarini qo`llagan holda Vebster universiteti tomonidan tasdiqlangan o`quv rejalar va dasturlar asosida amalga oshirilmoqda.
Bitiruvchilarga O`zbekiston Respublikasida oliy ma`lumot to`g`risidagi hujjat sifatida tan olinadigan Vebster universitetining diplomi beriladi.






