Xabaringiz bor, sal avval ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Samarqand shahri "Hazora" mahallasida etim bolani xo`rlashganligi aks etgan videoga aniqlik kiritgan edik...
31 oktyabr kuni videoda tasvirlangan holat bo`yicha Samarqand shahar ma`muriy sudining ochiq sud majlisi bo`lib o`tdi. Bu haqda "Darakchi"ga Bosh prokuratura xabar berdi.
Mazkur ish yuzasidan bo`lib o`tgan sud majlisida U.H.ni kaltaklagan H.I. va I.Z.ga nisbatan ma`muriy ish ko`rib chiqildi. Sud majlisida huquqbuzar H.I. sud majlisida o`z aybini tan olib, sodir qilgan qilmishidan pushaymonligini, qonuniy engillik berishlarini so`ragan.
Sudning qaroriga ko`ra, H.I. Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 183, 195 va 194-moddasi («Mayda bezorilik», «Ichki ishlar organlari xodimlarining o`z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko`rsatish» hamda «Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik») 1-qismida ko`rsatilgan ma`muriy huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topilib, 12 sutka ma`muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Huquqbuzar I.Z.ga nisbatan esa 11 sutka ma`muriy qamoq jazosi tayinlandi.






