O`zbekistonda Pedagogik mahorat institutlari va Xalq ta`limi akademiyasi tashkil etiladi. Bu haqda prezidentning “Xalq ta`limi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi to`g`risida”gi qarori loyihasida aytilgan.
Hujjat bilan O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligining:
Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq ta`limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlari negizida Pedagogik mahorat institutlarini tashkil etish;
Xalq ta`limi sohasida fundamental, ilmiy va amaliy tadqiqotlarni rivojlantirish, soha xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo`yicha o`quv va metodik ishlarni hamda soha mutaxassislarining oliy ta`limdan keyingi ta`limini yanada takomillashtirish maqsadida A.Avloniy nomidagi Xalq ta`limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti negizida A.Avloniy nomidagi Xalq ta`limi akademiyasini tashkil etish;
Akademiyada “Ta`lim sohasi menejmenti” va “Kattalar ta`limi” (“Androgogika”) mutaxassisliklari bo`yicha amaliyotchi pedagoglar tarkibidan yuqori malakali ta`lim sohasi menejerlari hamda mutaxassislarini tayyorlaydigan 1 yillik magistratura faoliyatini yo`lga qo`yish;
an`anaviy malaka oshirish bilan bir qatorda kasbiy o`quvlarning masofaviy (Moodle, E-learning, Web-based training) va uyg`unlashgan (blended-learning) kabi samarali shakllarini, shuningdek, xalq ta`limi xodimlari malakasini oshirishning belgilangan davriylikka rioya qilingan holda, tajriba tariqasida, xodimlarni har yili o`qishga jalb qilishni nazarda tutuvchi kredit-modul mexanizmini bosqichma-bosqich joriy etish;
tajriba tariqasida, pedagog kadrlarning har yili tashkil qilinadigan qisqa muddatli malaka oshirish kurslari va undan keyingi davrda fanlar bo`yicha tayanch maktablarida ishdan ajralmagan holda o`tkaziladigan (on-the-job training) doimiy o`quvlardan iborat uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini joriy etish;
xalq ta`limi xodimlarining uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi faoliyatini tashkil qilish va har bir xodimning o`z individual traektoriyalari bo`yicha malaka oshirishi jarayonlarini monitoring qiluvchi yagona ma`lumotlar bazasiga asoslangan elektron platformani yaratish va amaliyotga joriy etish to`g`risidagi takliflariga rozilik beriladi.






