Aziz Obidov, O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi rasmiy vakili:
— 2019 yil 28 oktyabr kuni jinoyat ishlari bo`yicha Quyichirchiq tuman sudi binosida sudlanuvchilar A. Tursunboev va boshqalarga (sudlanuvchilarning umumiy soni - 16) nisbatan jinoyat ishining tergov bilan yakunlangan qismini ko`rib chiqish bo`yicha uchinchi ochiq sud jarayoni nihoyasiga etdi va sud hukmi e`lon qilindi...
Mazkur jinoyat ishi jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent viloyat sudining sudyasi X. Shermuxamedov raisligida ko`rib chiqildi.
Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to`liq o`rganib, A. Tursunboevni O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “a”, “v” bandlarida ko`zda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybdor deb topib, unga ushbu modda bilan 9 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi. A. Tursunboevga O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 59-moddasi 8-qismi va 61-moddalari tartibida, tayinlangan jazoga qisman jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent viloyat sudining 2019 yil 20 maydagi hukmi bilan tayinlangan jazosini qo`shib, uzil-kesil o`tash uchun 1 yil muddatga tadbirkorlik bilan shug`ullanish huquqidan mahrum qilingan holda 14 yil 3 oy ozodlikdan mahrum qilish hamda eng kam oylik ish haqining 400 baravari miqdorida 52 096 000 so`m jarima jazolari tayinlandi. Shu bilan birga A. Tursunboevga tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosining o`talmagan muddati, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2016 yil 12 oktyabrdagi “O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganligining yigirma to`rt yilligi munosabati bilan amnistiya to`g`risida”gi Qarorining 6-bandi “b” kichik bandiga asosan to`rtdan bir qismiga qisqartirildi. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o`tash va jarimani davlat daromadi hisobiga undirish belgilandi.
Ushbu sud jarayonida 230 dan ziyod jabrlanuvchilar ko`rsatmalari tinglandi va ularga etkazilgan moddiy zarar undirilishi belgilandi.
Shuningdek, sud tomonidan sudlanuvchilarga va boshqa tomonlarga hukm ustidan shikoyat qilish tartibi va muddati tushuntirildi.






