Mudofaa vazirligi tasarrufidagi Farg`ona, Samarqand va Urganch «Temurbeklar maktabi» harbiy-akademik liseylari o`quvchilarining tarixiy obidalar, muzeylar, ziyoratgohlar va diqqatga sazovor joylarga muntazam tashriflari uyushtirilmoqda.
Ular uchun ilk bor Toshkent shahridagi Prezident maktabida tashkil etilgan ekskursiya bir olam taassurot qoldirdi.
Poytaxtimizdagi Prezident maktabi o`qituvchi va o`quvchilari bo`lajak harbiylarga hamrohlik qilgan holda, ularni jahon standartlari darajasida barpo etilgan zamonaviy ta`lim muassasasi bilan yaqindan tanishtirdi. Jumladan, ushbu maskanda ta`lim olish uchun yaratilgan sharoit, imkoniyat va qulayliklar haqida batafsil ma`lumot berishdi.
– Maktabimizda ona tili va adabiyoti, milliy istiqlol g`oyasi va ma`naviyat asoslari, Vatan tuyg`usi, O`zbekiston va jahon tarixi, dunyo dinlari tarixi, davlat va huquq asoslari singari fanlar o`zbek, bundan tashqari aksariyat fanlar ingliz tilida o`qitiladi, – deydi Toshkent shahridagi Prezident maktabining Yoshlar ittifoqi boshlang`ich tashkiloti etakchisi Mehriniso Shaymardonova. – Shuningdek, o`quv muassasamizda 18 nafar mahalliy murabbiylar bilan bir qatorda 11 nafar xorijlik mutaxassislar o`quvchilarga fan sirlarini astoydil o`rgatyapti. Shuni ta`kidlash joizki, Prezident maktabida o`quvchi-yoshlarni chaqiruvga qadar boshlang`ich tayyorgarlik fani orqali harbiy-vatanparvarlik ruhida voyaga etkazishga alohida e`tibor qaratilmoqda.
– Prezident maktabi o`quvchilari bilan ingliz tilida oson muloqotga kirishdim, – deydi Samarqand «Temurbeklar maktabi» o`quvchisi Nurmamat Eshpo`latov. – Bu erda o`zbek va jahon adabiyotlari bilan to`ldirilgan muhtasham kutubxona, yuqori texnologiyalar asosida jihozlangan kompyuter sinflari, to`rt mahal ovqatlanishga mo`ljallangan alohida oshxona, barcha zarur inventarlar bilan ta`minlangan sport zali, suzish havzasi, shinam yotoqxona o`quvchilar ixtiyorida. O`z navbatida, biz ham ularni «Temurbeklar maktabi» faoliyati bilan tanishish uchun taklif etdik.
Shu kuni yoshlar sayohatni sermazmun o`tkazishdi va bir-birlari bilan o`zaro fikr almashib, kelajak orzulari haqida so`zlab berishdi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti






