Ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan “Toshkentda tungi klub qo`riqchilari va “mehmon” ishtirokida janjal bo`ldi. Bir yigit vafot etdi” nomli xabar yuzasidan rasmiy ma`lumot berildi.
Unga ko`ra, 2019 yil 28 oktyabr kuni taxminan soat 21:00larda fuqarolar 24 yoshli Bobur Z. va 30 yoshli Murod A. Toshkent shahar, Chilonzor tumanida joylashgan “Ugolok” kafesida kechgi taom bilan spirtli ichimlik iste`mol qilishgan.
Shu vaqt mobaynida Bobur Z. mastlik bilan bog`liq xatti-harakatlari bilan 21 yoshli Ahmadjon A. va 22 yoshli Dalerjon M. ismli kafe qo`riqchilarining e`tiroz bildirishiga sababchi bo`lgan va o`rtada nizo kelib chiqqan.
Shundan so`ng, ular kelishib olish uchun, ya`ni “tortishuvni davom ettirish” maqsadida kafedan tashqariga chiqib, mushtlashganlar. Mushtlashuv oqibatida Bobur Z. engil tan jarohatlari olib, tanishi Murod A. bilan taksiga chiqqan, biroq hech qancha yurmasdan, o`rtog`ining mazasi bo`lmayotganligi uchun avtomobildan tushgan.
Chilonzor tumaniga qarashli “tez yordam” xodimlari Murod A.ni tasodifan ko`rib qolib, kasalxonaga olib ketayotgan vaqtda u vafot etgan.
Murod A.ning o`limi bo`yicha olingan dastlabki sud tibbiy tashhisiga ko`ra, o`tkir yurak qon tomir etishmovchiligi va spirtli ichimlikdan zaharlanish holatlari aniqlangan va hech qanday tan jarohati alomatlari yo`qligi to`g`risida ma`lumot berilgan.
Hozirda ushbu holat Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.
Shu bilan birga, yuqorida sodir etilgan “bezorilik” harakatlari yuzasidan, Chilonzor tumani IIO FMB tomonidan Ahmadjon A. va Dalerjon M.larga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 277-moddasi (Bezorilik ) 2-qismi “b” bandi bo`yicha jinoiy ish qo`zg`atilgan va tergov harakatlari davom etmoqda.
Shuningdek:
"Hurmatli fuqarolar! Shuni alohida ta`kidlab o`tmoqchimizki, ushbu o`lim bilan bog`liq norasmiy xabarlarga asoslanib, xulosa chiqarishga shoshilmang. “Ugolok” tungi klub emas, balki kafe sifatida faoliyat olib borishiga alohida e`tibor qaratishingizni so`raymiz. “Bezorilik” jinoyati va Murodning o`limi o`rtasidagi bog`liqlikka esa tergov jarayonida aniqlik kiritiladi va natijasi bo`yicha batafsil axborot beriladi", — deyiladi Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi xabarida.






