Sog`liqni saqlash vazirligi saytida 2019 yil 29 oktyabr kuni “Navoiyazot” AJga qarashli PVX zavodida yuz bergan favqulodda holatdan jabrlanganlarga tibbiy yordam ko`rsatilmoqda” sarlavhali xabar e`lon qilin edi.
Shundan so`ng “O`zkimyosanoat” AJ matbuot xizmatiga ko`ra, joriy yil 28 oktyabr kuni PVX zavodi va umuman “Navoiyazot” AJ hududida hech qanday favqulodda holat yuz bermaganini ma`lum qilgan.
Avvalo ta`kidlashimiz lozimki, inson hayoti va salomatligi bilan bog`liq har qanday holat biz tibbiyot xodimlari uchun favqulodda holat hisoblanadi, deb yozadi Sog`liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi.
So`nggi ma`lumotlarga ko`ra, 2019 yil 28 oktyabr kuni soat 18:30da “Navoiyazot” AJ xizmat mashinasida, tarjimon kuzatuvida 4 nafar fuqaro ko`ngil aynish, qayt qilish, nafas qisishi, bosh aylanishi shikoyatlari bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Navoiy viloyat filiali qabul bo`limiga olib kelingan.
Kuzatuvchi tarjimonning so`zlariga ko`ra, 16:00da “Navoiyazot” AJ hududidagi “PVX, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmuasi” qurilishida to`satdan havoda o`tkir gaz hidi paydo bo`lgan. Natijada uch nafar ishchi ish joyida nafasi siqilib yiqilgan. Jabrlanuvchilar kuzatuvchilar yordamida voqea joyidan zudlik bilan “Navoiyazot” AJ Tibbiy sanitariya qismiga olib borilgan. Birlamchi shifokor ko`rigidan so`ng Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Navoiy viloyat filialiga yuborilgan.
– Filialimiz qabul bo`limida toksikolog vrach ko`rigidan so`ng, bemorlarda yuqori nafas yo`llari shilliq qavatlarida giperemiya, shish aniqlangan. Bemorning shikoyati, anamnezi, ob`ektiv ko`rigi asosida “Noma`lum gazdan (razdrajayushiy) ingalyasion zaxarlanish, engil darajasi” dastlabki tashxisi qo`yilgan, – deydi RShTYoIM viloyat filiali direktori O.Inamov. – Bemorlar tekshirish va davolash maksadida Toksikologiya bo`limiga yotqizilgan. Bo`limda toksikolog ko`rigidan so`ng, boshqa turdagi zaxarlanish klinik belgilari bo`lmaganligi sababli, shuningdek, oziq-ovqatdan zaxarlanish tashxisi ham inkor etilgan.
Ma`lum bo`ladiki, bemorlarning shikoyati, anamnezi, klinik belgilaridan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, oziq-ovqatdan zaxarlanish alomatlari bo`lmagan. Noma`lum gazdan zaxarlanish tashxisining asosi esa bemorlarning shikoyati, xodisa sodir bo`lgan vaziyat va ko`rik vaqtida aniqlangan klinik o`zgarishlar hisoblanadi.
Kasb mas`uliyatidan kelib chiqqan holda har bir shifokor uchun u kim bo`lishidan qat`i nazar inson hayoti ustuvor hisoblanadi. Shundan kelib chiqqan holda Sog`liqni saqlash vazirligi bundan buyon ham odamlar salomatligi tahdid tug`diruvchi har qanday vaziyatni favqulodda holat hisoblab, zudlik bilan tezkor va sifatli tibbiy xizmat ko`rsatishda davom etadi.






