O`zbekiston Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida Samarqand shahrida bo`lib o`tadigan Samarkand Half Marathon – ilk xalqaro xayriya marafoniga bag`ishlangan matbuot anjumanida Agentlik direktori o`rinbosari Saida Mirziyoeva o`z fikrlarini bildirdi:
“Samarqand yarim marafoni jamiyatda faol yashash tarzi g`oyasini ilgari suradi va madaniyatning barcha uchun, shu jumladan, nogironligi bor insonlar uchun ochiqligini ta`minlash xayrli g`oyasini qo`llab-quvvatlaydi.
Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi ushbu tashabbus tarafdori. Ma`lumki, bizning agentlik ham shu borada faoliyat olib boradi. Joriy yilda biz “Ko`ngil ko`zi” loyihasi xaritasini ishlab chiqdik. U nogironligi bo`lgan insonlarni ijtimoiy ko`nikmasi bo`yicha, ko`zi ojiz va yaxshi ko`ra olmaydigan insonlarni o`quv, badiiy, ilmiy va boshqa adabiyot bilan ta`minlash bo`yicha aniq harakatlarni ko`zda tutadi.
Inklyuziv muhitni yaratishga doir xayriya loyihalarini qo`llab-quvvatlash va hayotga tatbiq etish katta vazifadir. Bunday tadbirlar, dasturlar ko`p bo`lishi kerak.
Biz, shukrki ko`ramiz, cheklovsiz harakat qilish, his etish imkoniyatiga egamiz. Lekin oramizda shunday insonlar borki, ular biz kabi orzu qiladi. Faqat farqli jihati biz kabi imkoniyatga ega emas. Inklyuziya – bu butun jahonda ilgari surilayotgan ijtimoiy konsepsiya. Unga ko`ra, salomatligidan qat`i nazar, jamiyatdagi har bir odamga moddiy va ma`naviy boyliklardan bahramand bo`lish va o`zini namoyon etishga imkon berilishi lozim. Samarqand yarim marafoni loyihasining asosiy maqsadi ham shu. Biz bu tadbir orqali avvalo jamoatchilik e`tiborini madaniyat va san`at ob`ektlaridagi inklyuzivlikka qaratmoqchimiz. Bejizga Samarqand tanlanmadi. Milliy, madaniy, tarixiy merosimizning katta qismi aynan shu hududda jamlangan. Biroq bu madaniy boyliklardan hamma ham foydalana oladimi yoki yo`q. Shuningdek, imkoniyati cheklangan shaxslarga qanchalik imkoniyat yaratilgan.
Ushbu loyihaga tayyorgarlik ko`rish jarayonida madaniyat va san`atni rivojlantirish fondi tomonidan qator tadqiqot ishlari olib borildi. Bunda teatrlar, muzeylar, bog`lar va Toshkent shahridagi boshqa madaniyat muassasalarining imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ochiqligi, ularda bunday insonlar e`tiborga olingan yoki olinmagani, sharoitlar borligi muammosi o`rganildi.
Siz hozir ko`zingizni yumib, xonadan chiqib, zinadan tushib, avtobusda yurib ko`ringchi. Yarim soat ko`zingizni chirt yumib, yashab ko`ring. Ba`zilar bor bir umr shunday yashashga majbur. Shu bois, barchamizning maqsadimiz bir – mamlakatimizda yashovchi hamma insonlar uchun qulaylik yaratish, imkoniyati cheklanganlarni jamiyatga to`liq ijtimoiy integrasiya bo`lish chorasini ko`rish va shart-sharoit yaratish”
.






