Bosh prokuratura matbuot xizmatining darakchi.uz’ga xabar berishicha, Jizzax shahrida «Asaka banki»dan olingan kaatta miqdordagi kredit mablag`lari boshqa maqsadlarda ishlatilib yuborilgan.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Jizzax shahar bo`limi tomonidan AT«Asaka bank» Jizzax viloyat filialining murojaati yuzasidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Jizzax shahridagi “A.D.S” MChJ mansabdor shaxslari mansab vakolatini suiiste`mol qilib AT «Asaka banki» Jizzax viloyati filialidan ko`p qavatli uy-joylar qurish uchun olingan kredit mablag`larining 2 mlrd. 645 mln so`mini qurilish materiallari sotib olish uchun o`tkazgan.
Biroq, belgilangan ob`ektda qurilish ishlarini olib bormasdan, boshqa maqsadlar uchun sarflab, juda ko`p miqdordagi kredit mablag`larini o`zlashtirish yo`li bilan talon-toroj qilganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan “A.D.S” MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan JKning 167-moddasi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






