O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 30 oktyabr kuni Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari qardosh Turkmaniston xalqiga joriy yil 10-11 oktyabr kunlari Ashxobodda o`tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi sammitida ko`rsatilgan mehmondo`stlik uchun minnatdorlik bildirdi hamda Turkmanistonning MDHdagi raisligi muvaffaqiyatli o`tayotgani bilan yana bir bor tabrikladi.
Davlat rahbarlari ko`p qirrali O`zbekiston-Turkmaniston munosabatlarining ahvoli va ularni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar, shuningdek, bo`lajak oliy darajadagi tadbirlar nuqtai nazaridan xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
O`zbekiston va Turkmaniston o`rtasidagi vaqt bilan sinalgan mustahkam do`stlik va yaxshi qo`shnichilik rishtalari, avvalo, savdo, transport, qishloq xo`jaligi, energetika va boshqa tarmoqlarda o`zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish uchun mustahkam asos ekani qayd etildi.
Tomonlar hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirishga bundan buyon ham faol ko`maklashishga tayyorligini bildirdilar.
Muloqot so`ngida davlat rahbarlari do`st mamlakatlarimiz va butun Markaziy Osiyo mintaqasining barqaror taraqqiyoti va ravnaqi yo`lida O`zbekiston va Turkmaniston o`rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash borasida qat`iy ekanini tasdiqladilar.






