O`zbekiston hotin-qizlar qo`mitasi Facebook ijtimoiy tarmog`ida Akrom Mahmudov sahifasi orqali ikki ayolning ichki ishlar xodimlari tomonidan nohaq 15 sutkaga qamalgani haqidagi videomurojaatga rasmiy munosabat bildirdi.
Unga ko`ra, ijtimoiy tarmoqda videomurojaat yo`llagan ayollar Xamraqulova Gavharoy Saidjanovna hamda uning qizi Xamraqulova Gulira`no Xatambekovnalar Jalaquduq tumani, Qatortol qishlog`i, Xamzaobod ko`chasi, 16-uyda istiqomat qilishadi.
2013 yilda Gavharoy Xamraqulovaning akasi Xamraqulov Qobiljon vafot etganidan buyon akasining turmush o`rtog`i, Jalaquduq tumani “Birlashgan” MFY, Savob ko`chasi, 30-uyda yashovchi, 1976 yilda tug`ilgan Bakieva Muqaddam Abduvasitovna bilan uy-joy talashib keladi.
Gavharoy Xamraqulova Muqaddam Bakievani 2018 yilda odam o`ldirishda ayblab, akasidan qolgan uyga egalik qilish maqsadida uning ustidan ichki ishlar idoralariga ariza yozgan. Ushbu ariza tuman IIB tomonidan ko`rib chiqilgach, undagi faktlar tasdiqlanmaganligi hamda asossiz ekanligi sababli Xamraqulova Gavharoy O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 40-moddasi (tuhmat) tartibida ma`muriy javobgarlikka tortilgan. Shuningdek, 2019 yilning yanvar oyida to`plangan hujjatlarga ko`ra, Qo`rg`ontepa tumani prokuraturasi tomonidan unga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
2019 yilning 27 may kuni Xamraqulova Gavxaroy va uning qizi Xamroqulova Gulira`nolar birgalikda Xo`jaobod tumanida viloyat hokimining quruvchilar bilan sayyor yig`ilish o`tkazishidan xabar topib, yuqorida ko`rsatib o`tilgan holat yuzasidan shikoyat qilmoqchi bo`lib borgan. Sayyor qabul jarayonida tartib-intizomga amal qilmasdan, navbatsiz kirmoqchi bo`lib, bu joyda xizmat olib borayotgan IIB xodimlarining viloyat rahbarining qabuliga navbat bilan kirish kerakligi to`g`risidagi ogohlantirishlariga qarata ularni uyatli so`zlar bilan xaqoratlagan. Jamoat tartibini buzganligi uchun ushbu fuqarolarga nisbatan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, ona-bola Xamraqulovalarga nisbatan Xo`jaobod tumani Ma`muriy ishlar bo`yicha sudi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 183-moddasi (mayda bezorilik) va 194-moddasi (bo`ysunmaslik) tartibida sud jarayoni o`tkazilgan ularning har biriga o`n besh sutka muddatdan ma`muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Shuningdek, Qo`mita Matbuot xizmatining ma`lum qilishicha, axloq normalarini e`tirof etgan holda ona-bola haqidagi ayrim ma`lumotlarni oshkor qilmaslik ma`qul topilmoqda.






